Energotariflar oshishi inflyatsiyaga qanday ta’sir qiladi?
Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirokida asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish masalasi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda mamlakat pul-kredit siyosati, inflyatsiya kutilmalari va moliya bozoridagi dolzarb tendensiyalar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2026-yil mart oyida umumiy inflyatsiya yillik 7,1 foizgacha, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizgacha pasaydi. Umumiy inflyatsiya pasayishda davom etib, 2026-yil yakunida 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda: 2026-yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozi 7–7,5 foizgacha oshirildi. Tashqi iqtisodiy muhitda geosiyosiy ziddiyatlar, neft va oziq-ovqat narxlari hamda logistika xarajatlari ortishi inflyatsiya uchun qo‘shimcha tashqi xatarlar yaratmoqda.
[gallery-29075]
Markaziy bankning pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga pasaytirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlashga qaratiladi.
Boshqaruv tomonidan faqat bir masala — asosiy stavkani amaldagi darajada saqlab qolish bo‘yicha qaror qabul qilingan. Bu qaror hukumatning amaldagi makroiqtisodiy prognozlari va inflyatsiya bosimlarini cheklash zaruratidan kelib chiqqan holda qabul qilingani ta’kidlandi.
Markaziy bank rahbariyatining qayd etishicha, kelgusi oylarda milliy valyuta — so‘mning real almashuv kursiga sezilarli bosimlar kutilmayapti. So‘mning erkin suzib yuruvchi valyuta sifatida saqlanishi esa iqtisodiy muvozanatni ta’minlashda muhim omil sifatida baholanmoqda.
Matbuot anjumanida inflyatsiya prognozlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, hisob-kitoblarda energiya tariflarining 10 foizgacha oshirilishi ehtimoli inobatga olingani qayd etildi. Bu esa narxlar umumiy dinamikasiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, bank tizimidagi islohotlar, jumladan davlat ishtirokidagi banklarni xususiylashtirish jarayonlari haqida ham fikr bildirildi. Ta’kidlanishicha, xususiylashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad raqobat muhitini kuchaytirish, xususiy banklar ulushini oshirish va yangi xorijiy moliya institutlarini bozorga jalb qilishdan iborat.
Kredit bozorida kuzatilayotgan o‘zgarishlar ham e’tibor markazida bo‘ldi. Jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlar hajmining qisqarishi makroprudensial choralar, xususan aholining qarz yukini cheklashga qaratilgan mexanizmlar natijasi ekani qayd etildi.
Shahnoza Mamaturopova,
Nosirjon Haydarov (surat)
O‘zA