“O‘zbekko‘mir” AJ: birinchi yarim yillikda 2 million 374,4 ming tonna ko‘mir qazib olindi
“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilning 1-yarim yilligida 2 374,4 ming tonna ko‘mir qazib olingan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 101,1 foizni tashkil etgan. Iste’molchilarga 2 531,6 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 111,7 foizga tengdir.
Bugun Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati mas’ullari shu haqda so‘z yuritdi.
Unda “O‘zbekko‘mir” AJ faoliyatining 2024 yil 1-yarim yillik yakunlari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Ushbu davrda Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 37 turdagi 2,9 milliard so‘mlik butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarilib, 2023 yilning mos davriga nisbatan o‘sish 112,3 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, jamiyatda ishlab chiqarish amaldagi narxlarda 673,9 milliard so‘mni, taqqoslama narxlarda 563,9 milliard so‘m, o‘sish sur’ati esa 101,3 foizni tashkil etdi.
[gallery-18409]
Jamiyat mas’ul xodimi Erkin Ergashevning qayd etishicha, respublikamizda mavjud energiya resurslaridan samarali foydalanish va o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida ko‘mir qazib olishni 2024 yilda 8 million tonnaga, 2025 yilda esa 10 million tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.
–Ushbu vazifalardan kelib chiqib, “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan joriy yilda 6,2 million tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan. Shu maqsadda kon ustki qismini ochish ishlarini jadallashtirish uchun hukumat ko‘magi bilan lizing shartnomalari asosida jamiyatga Yaponiyada ishlab chiqarilgan 44 dona (yuk ko‘tarish quvvati 90 tn.) “Komatsu” samosvali va boshqa kon texnikalari keltirildi. Bugungi kunga qadar “Komatsu”larning 27 tasi ishga tushirildi, 15 tasi to‘liq yig‘ilib, foydalanishga taxt qilingan, yana ikkita “Komatsu” yig‘ilmoqda. Jamiyatda ko‘mir sifatini yaxshilash, shuningdek, mahsulot tannarxini kamaytirish tadbirlari ham izchil olib borilmoqda. Xususan, o‘tgan davrda 2 562,680 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Jamiyat ma’muriy binolari va korxonalariga o‘rnatilgan quyosh qurilmalari hisobiga qo‘shimcha 147,817 ming kilovatt elektr energiyasi tejaldi, – dedi E.Ergashev.
Tadbirda galdagi ustuvor vazifalar haqida ham so‘z yuritildi. Unga ko‘ra, ikkinchi yarim yillikda 32,9 million metr kub hajmda kon ustki qatlamini ochish, 3,8 million tonna ko‘mir qazib olish, asosiy iste’molchilarga 3,4 million tonna ko‘mir mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Anjumanda “Ko‘mir ta’minot” MCHJ direktorining o‘rinbosari Farhod Xursanov aholi va byudjet tashkilotlarini ko‘mir bilan ta’minlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
–“Ko‘mir ta’minot” MCHJ tomonidan 2024/2025 yillar kuz-qish mavsumi uchun respublika aholisi va byudjet tashkilotlariga jami 1 898,7 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilishi rejalashtirilgan. 23 iyul holatiga ko‘ra, byudjet tashkilotlariga 168 ming 769 tonna, DXSH asosidagi tadbirkorlik sub’ektlariga 8 ming 623 tonna, aholiga 45 ming 817 tonna ko‘mir tarqatildi. Respublika bo‘yicha olis va borish qiyin bo‘lgan qishloq (ovul)lar aholisi 16 ming 853 tonna mahalliy ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlandi. Bu ishlarni tizimli tashkil qilish maqsadida korxonamizning 90 ta hududiy ko‘mir ombori va 13 ta shoxobchasi ishlab turibdi, – dedi F.Xursanov.
Tadbir yakunida mas’ullar ishtirokchilarning savollariga javob qaytardi.
N.Ziyodullayeva,
O.Pardayev (surat),
O‘zA