Farg‘onada “Ishonch” gazetasi mushtariylari bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati kengashida “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari tahririyati vakillarining mahalliy mushtariylar bilan ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan muloqotda gazetxonlarning fikr va takliflarini o‘rganish, nashrlar mazmunini boyitish hamda tahririyat va mushtariylar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari gazetalarda yoritilayotgan dolzarb mavzular, tahliliy va tanqidiy maqolalar yuzasidan fikr bildirib, kasaba uyushmalari faoliyatini yanada kengroq yoritish bo‘yicha takliflarini ilgari surdi.
Tahririyat vakillari nashrlarning kelgusidagi ijodiy rejalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, tezkor axborot almashinuvini ta’minlash maqsadida ishonch.uz sayti hamda Facebook, Telegram, Instagram va YouTube platformalaridagi faoliyatni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
[gallery-32001]
Tadbir doirasida faol mushtariylarga tahririyatning esdalik sovg‘alari topshirildi. Kasaba uyushmalari va tahririyat faoliyatiga oid viktorina g‘oliblari esa “Ishonch” gazetasi hamda “Vatan” jurnaliga bir yillik obuna sertifikatlari bilan taqdirlandi.
Mazkur uchrashuv mushtariylar bilan o‘zaro muloqotni mustahkamlash, ularning takliflarini o‘rganish va nashrlar mazmun-sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA