Koreys xalqining “Chxusok” bayrami Toshkentda nishonlandi
Koreya xalqining qadimiy an’analari, milliy urf-odatlari va san’atini namoyon etgan «Chxusok-2026» bayrami Toshkentda keng nishonlandi.
Koreya madaniyati va san’ati saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda bayramona muhit hukm surib, koreys milliy madaniyatining o‘ziga xos jihatlari keng namoyish etildi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev so‘zga chiqib, yurtimizda turli millat va elatlarning milliy qadriyatlarini asrab-avaylash, rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida to‘xtaldi.
Nutqda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yurtimizdagi etnik xilma-xillik, tinchlik, do‘stlik va mehr-oqibat muhiti haqidagi fikrlari alohida ta’kidlandi. Bugungi «Chxusok» bayrami ham ana shu bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitining amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘ldi.

Marosimda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak hamda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi ishtirokchilarni bayram bilan qutladi. So‘zga chiqqanlar O‘zbekistonda turli millat vakillarining o‘z madaniyati, tili va an’analarini saqlab qolishi uchun yaratilgan sharoitlarni qayd etdi.
Shundan so‘ng tadbir konsert dasturi bilan davom etdi. Sahnada o‘zbek va koreys milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslar, illyuzion chiqishlar hamda turli badiiy kompozitsiyalar namoyish etildi.

Bayram davomida mehmonlar milliy taomlardan bahramand bo‘lib, koreys xalqining an’anaviy taomlari bilan tanishdi. Milliy o‘yinlar, an’anaviy liboslar ko‘rgazmasi, o‘zbek va koreys rassomlarining asarlari namoyishi ham tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi. Kattalar va bolalar uchun tashkil etilgan ijodiy mahorat darslarida esa ishtirokchilar milliy san’at namunalarini yaratish jarayonida bevosita qatnashdi.
Bayramning yakuniy qismida o‘tkazilgan «K-POP Dance» tanlovi yoshlarning faol ishtiroki bilan yanada qiziqarli tus oldi. Yosh ijrochilarning sahnadagi chiqishlari tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
«Chxusok-2026» nafaqat koreys xalqining milliy bayrami, balki turli madaniyat va an’analarni bir maydonda birlashtirgan do‘stlik tadbiri bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan ilk kunlaridanoq mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillarining ona tili, madaniyati, tarixi, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi hamda rivojlantirishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi
Nigora Rahmonova,
O‘zA