O‘zbekiston va Xitoy energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent shahrida O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining energetika sohasidagi kichik qo‘mitasi 8-yig‘ilishi o‘tkazildi.
Uchrashuvga O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Xitoy Davlat energetika boshqarmasi raisi Van Xunchji raislik qildi. Unda ikki davlat vazirliklari va yirik energetika kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Unda energetika sohasidagi hamkorlik ikki davlat rahbarlarining kelishuvlari asosida izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Tomonlar neft-gaz, elektr energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishlaridagi loyihalarni amalga oshirish muhim ekanini qayd etdi.
Shuningdek, muzokaralar chog‘ida uglevodorodlarni qazib chiqarish, gaz infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Energetika sohasini raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilish yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va tajriba almashishni kengaytirishga kelishib oldi. Navbatdagi yig‘ilish Xitoyda o‘tkazilishi belgilandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA