O‘zbekiston va Buyuk Britaniya: siyosiy muloqot barqaror rivojlanib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Buyuk Britaniya Parlamentidagi Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha umumpartiyaviy parlament guruhi raisi Pamela Koks boshchiligidagi delegatsiya bilan onlayn shaklda uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Parlamentlararo muloqotni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar ta’kidlaganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi siyosiy muloqot barqaror va izchil rivojlanib, o‘zaro hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
2024-yil aprel oyida imzolangan Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya, shuningdek, tashqi siyosat idoralari va hukumatlar darajasidagi faol aloqalar ikki tomonlama munosabatlarga tizimli va uzoq muddatli mazmun bag‘ishlamoqda.

Suhbat davomida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi. Jumladan, “yashil” iqtisodiyot, muhim minerallar, raqamli texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo muloqotni faollashtirish ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
N.Abduraimova, O‘zA