O‘zbekiston tashabbusi Markaziy Osiyo mintaqasini ekologik barqaror va farovon hududga aylantiradi
Prezidentimizning mintaqaviy ekologik sammitdagi nutqi, shubhasiz, bugungi kunning eng dolzarb masalalarini chuqur tahlil etgani va aniq amaliy yechimlarni taklif etgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov shu haqda munosabat bildirdi:
– Senator sifatida ta’kidlamoqchimanki, ushbu nutqda ilgari surilgan asosiy g‘oya – ekologik xavf-xatarlarning o‘zaro bog‘liqligi va ularni faqat birgalikda hal etish zarurligi bugungi global voqelikka to‘liq mos keladi.
Chunki iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi kabi muammolar bir davlat doirasida hal qilinadigan masalalar emas, balki mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni talab qiladigan murakkab jarayonlardir.
Ayniqsa, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishlari jahonga nisbatan ikki barobar tez kechayotgani haqidagi fikrlar har birimizni jiddiy o‘ylantirishi tabiiy. Bu esa, bizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga, mavjud resurslardan oqilona foydalanish va yangi yondashuvlarni joriy etishga undaydi.
Prezidentimiz tomonidan qayd etilgan yana bir muhim jihat – global ekologik birdamlikning yetarli darajada emasligi masalasidir.
Haqiqatan, rivojlanayotgan mamlakatlar ko‘p hollarda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yengishda yetarli moliyaviy va texnologik imkoniyatga ega emas. Shu nuqtai nazardan, xalqaro adolat va teng imkoniyatlar tamoyilini ilgari surish – juda o‘rinli va dolzarb tashabbus.
Nutqda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar tilga olindi. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida milliardlab daraxtlar ekilayotgani, Orolbo‘yida ulkan hajmda o‘rmonzorlar barpo etilayotgani, yashil energetika ulushining ortib borayotgani – bularning barchasi O‘zbekistonning ekologik rivojlanish yo‘lida qat’iy qadam tashlayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan aniq takliflar – “Markaziy Osiyoning toza havosi” konsorsiumini tashkil etish, yashil savdo yo‘lagini yaratish, yagona investitsiya portfelini shakllantirish, ekologik atlas hamda mintaqaviy “Qizil kitob” ishlab chiqish kabi tashabbuslar — nafaqat dolzarb, balki amaliy jihatdan ham katta istiqbolga ega.
Ayniqsa, yoshlarni ekologik jarayonlarga keng jalb qilish, ularning ongida ekologik madaniyatni shakllantirish borasidagi takliflar kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur nutq shunchaki bayonot emas, balki aniq maqsadlar va amaliy qadamlarga asoslangan strategik dasturdir. Ishonchim komilki, ushbu tashabbuslar izchil amalga oshirilishi natijasida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi ekologik barqaror va farovon hududga aylanadi.
N.Abduraimova,
O‘zA