Dunyoga mashhur “Avatar” uzumi O‘zbekistonda ko‘paytiriladi (+video)
Ohangaron tumanining salqin havosi, noyob iqlim sharoiti, yer maydonlari uzumning “Avatar” (Moon drops) naviga mos keldi. Ushbu navning vatani Kaliforniya bo‘lib, O‘zbekistonda ilk bor uning uzum plantatsiyasi yosh tadbirkor Yodgorjon Aminjonov tomonidan 26 gektar maydonda tadbiq qilindi. Avvallari ushbu yerlar sug‘orish qiyinligi, notekisligi uchun dehqonchilikning boshqa yo‘nalishlariga noqulay bo‘lgan. “Avatar” uzumlari qurg‘oqchilikka chidamli nav bo‘lgani uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilinib, o‘tgan yili dastlabki hosil eksportga jo‘natildi. Kilosini 8 AQSH dollaridan sotgan tadbirkor, daromadini yanada ko‘paytirish niyatida.
- Prezidentimizning yoshlarga bo‘lgan e’tibori tufayli yerni nol qiymatida bizga taqdim qilishdi, - deydi 28 yoshli tadbirkor Yodgorjon Aminjonov. – Biz bu imkoniyatdan foydalangan holda 100 gektarga yaqin uzumzor barpo qildik. Hozirda an’anaviy va UFO uslubida bog‘ yaratdik. UFO usulida “Avatar” ekib, birinchi yildan hosil ola boshladik. An’anaviy Oltiariq usulida 3 yilda uzum hosilga kiradi. O‘tgan yili gektaridan 5 tonnagacha meva oldik. Turkiyaga, Ispaniyaga eksport qildik. O‘rtacha bo‘lgan hosilni magiz ko‘rinishida Arab davlatlari va Gollandiyaga eksport qildik.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan, Toshkent viloyati Ohangaron tumani “Shodmalik ota” mahallasi hududida joylashgan zamonaviy sanoatlashgan uzum plantatsiyasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Uning doirasida yurtimizda dastlabki “UFO” texnologiyasi asosida barpo etilgan uzumzor jurnalist va blogerlarga tanishtirildi.
Ushbu bog‘ Kaliforniya tajribasi asosida yaratilgan bo‘lib, uzum yetishtirishda yuqori samaradorlikka erishish, resurslardan oqilona foydalanish hamda mahsulot sifatini oshirish imkonini bermoqda.
Tadbir davomida ishtirokchilarga agrosanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda eksport salohiyatini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, bugungi kunda respublikamiz hududlarida jami 365.5 ming gektar mevali bog‘lar mavjud bo‘lib, 2025-yilda 3.4 mln tonna hosil olingan. Shuningdek, yurtimizda 207.1 ming gektar uzumzorlardan o‘tgan yilda 2 mln tonna hosil ko‘tarilgan.
2025-yilda jami 30 ming gektar intensiv mevali bog‘ va uzumzor barpo etildi. Ularning salkam 12 ming gektari tog‘ oldi va qir adirliklarda, 18 ming gektardan ziyodi yaroqsiz bog‘-tokzorlar o‘rnida tashkil qilindi.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida iqtisodiy samarasiz, yaroqsiz va kam hosilli bo‘lgan 35.7 ming gektar bog‘-tokzorlar rekonstruksiya qilinib, ular o‘rnida 17.3 ming gektar maydonga yangi intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etildi.
2026-yilda ham maqsadlar ulkan. 30.5 ming gektar mevali bog‘-tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning 10-aprel holatiga ko‘ra jami 16.2 ming gektar bog‘ va uzumzorlar tashkil qilindi. Barpo etilgan bog‘-tokzorlar uchun 14.4 mln tup ko‘chatlar yetkazib berildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/U7yOjrL7B4w" title="Dunyoga mashhur “Avatar” uzumi O‘zbekistonda ko‘paytiriladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA