Jamoa shartnomasi qabul qilindi
Mehnat munosabatlarida barqarorlikni ta’minlash, xodimlar manfaatlarini ishonchli himoya qilish va ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash bugun har bir sohaning ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Bu tamoyillar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filialida o‘tkazilgan kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot-saylov yig‘ilishida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Tadbirda filial rahbariyati, tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalari xodimlari, Sirdaryo viloyat kasaba uyushmalari kengashi vakillari hamda kasaba uyushmasi faollari ishtirok etdi.

Yig‘ilish kun tartibiga muvofiq yillik hisobotlar, taftish komissiyasi xulosasi hamda yangi jamoa shartnomasini qabul qilish masalalari izchil ko‘rib chiqildi.
Taqdim etilgan hisobotlarda yil davomida amalga oshirilgan moliyaviy-xo‘jalik va tashkiliy ishlar ochiq va shaffof tarzda bayon etildi. Ayniqsa, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va jamoada sog‘lom ijtimoiy muhitni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarga alohida urg‘u berildi.

Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikrlar hisobotlarning puxta va asosli tayyorlanganini ko‘rsatdi. Hisobot bir ovozdan ma’qullanib, kasaba uyushmasi qo‘mitasining hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb baholandi.

– Bugungi hisobot-saylov yig‘ilishi jamoada ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida ish olib borilayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ayniqsa, kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar e’tirofga loyiq.
Yangi qabul qilingan jamoa shartnomasi esa bu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshiradi. Unda xodimlar manfaatlari, ularning huquq va kafolatlari yanada mustahkam ifoda etilgan. Eng muhimi, mazkur hujjat jamoada sog‘lom ijtimoiy muhitni ta’minlash, mehnat munosabatlarida barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Shavkat Mirzabekov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri