O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi
Bugun Toshkentda “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda «Valday» xalqaro munozara klubi tomonidan tashkil etildi.
Eslatish joizki, anjuman o‘zbekistonlik va rossiyalik ekspertlarning ikkinchi uchrashuvidir. Birinchi uchrashuv 2019 yilda Samarqandda tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi SMTI va “Valday” klubi o‘rtasida ekspertlar muloqotini o‘rnatishdan iborat edi.
Poytaxtda o‘tgan bu galgi anjumanda ishtirok etish uchun ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha yetakchi xalqaro mutaxassislar, «Valday» xalqaro munozaralar klubining siyosatshunoslik, iqtisodiyot, xavfsizlik sohasidagi nufuzli ekspertlari, shuningdek, Rossiyaning yirik ommaviy axborot vositalari jurnalistlari kelishgan.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ochdi.
[gallery-3961]
– O‘zbekiston va Rossiya rahbariyati ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning o‘ziga xos tizimini shakllantirdi, – dedi Eldor Aripov. – Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasida yagona uch darajali o‘zaro ta’sir tizimi shakllangan.
Unga bosh vazirlar darajasidagi qo‘shma komissiya, bosh vazir o‘rinbosarlari boshchiligidagi hukumatlararo komissiya va vazirliklar va idoralar rahbarlari darajasidagi kichik qo‘mitalar kiradi. Bundan tashqari, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibining amaliy vazifalarini hal etishga hissa qo‘shadigan, faol rivojlanayotgan parlamentlararo muloqot ham mavjud.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti V.Putinning yaqin munosabatlari va o‘rnatilgan ishonchli muloqotlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p tomonlama izchil rivojlanib, chuqurlashib bormoqda.
O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohotlar mamlakatning Markaziy Osiyo iqtisodiy taraqqiyotida yetakchi pozitsiyasiga chiqib olishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi uchun muhim sharoit yaratmoqda.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev O‘zbekiston bilan Rossiyani o‘zaro bog‘lab turgan umumiy manfaatlar xususida to‘xtalar ekan, Toshkent va Moskva Markaziy Osiyo va MDHda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda, global muammolarni hal qilishda, koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etishda, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda umumiy manfaatlarga ega ekanini alohida ta’kidladi.
Bu borada o‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekiston muhim mintaqaviy tuzilmalar – MDH va SHHTda o‘z rolini va ishtirokini sezilarli darajada oshirganini va bir qator yirik tashabbuslarni ilgari surganini aytib o‘tish joiz bo‘ladi. Xususan, Rossiya tomoni 2020 yilda O‘zbekistonning MDHga raisligini muvaffaqiyatli o‘tkazishda muhim hamkoriga aylandi. Ko‘p tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbollari va yo‘nalishlari ochildi, O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib kirdi.
Qolaversa, "O‘zbekiston xalqaro hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri Rossiya bilan yaqin sheriklik va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish bo‘lib qolmoqda", dedi Farhod Arziyev.
Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko O‘zbekiston – Rossiya anjumani ochilishida so‘zga chiqib, Rossiya O‘zbekistonni ishonchli va sodiq ittifoqchisi sifatida bilishini, rus va o‘zbek xalqini ulkan tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turganini qayd etdi. Shu bilan birga, Toshkent va Moskva o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat umumiy manfaatlarni yaqinlashtirish va anglashga, balki ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslanganligini ta’kidladi.
Uchta sessiyadan iborat konferensiya davomida ishtirokchilar siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik, madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston – Rossiya hamkorligining holati va istiqbollari to‘g‘risida atroflicha fikr almashdi. Bundan tashqari, ekspertlar Markaziy Yevrosiyoda xalqaro savdo va integratsiyani rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqdi, shuningdek, O‘zbekiston – Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish uchun istiqbolli o‘sish nuqtalari va harakatlantiruvchi omillar bo‘yicha ekspert qarashlarni ishlab chiqdi.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, SMTI direktori Eldor Aripov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumayev, Prognozlash va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev va boshqa ekspertlar so‘zga chiqdi.
Rossiya tomonidan «Valday» xalqaro munozara klubi Rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kengashi raisi Andrey Bistritskiy, «Valday» jamg‘armasining tadqiqot ishlari bo‘yicha direktori, Tashqi va mudofaa siyosati bo‘yicha kengash prezidiumi raisi, «Xalqarosharh» dasturi muallifi va boshlovchisi Fyodor Lukyanov, “Valday” klubi dastur direktori Timofey Bordachev, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori Ivan Safranchuk, Rossiya Federatsiyasi “Iqtisodiyot oliy maktabi” Milliy tadqiqot universiteti Yevropa va xalqaro keng qamrovli tadqiqotlar markazi direktorining o‘rinbosari Vasiliy Kashin va boshqalar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tish joizki, 2020 yilda pandemiya natijasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 8,8 million tonnani tashkil etdi, bu 2019 yilga nisbatan 27 foizga ko‘p, avtomobil transportida yuk tashish hajmi esa 28 foizga oshib, joriy yilning birinchi yarmida 1,9 million tonnani tashkil etgan.
2021 yil so‘ngiga qadar «Valday» klubi tomonidan Rossiyaning oxirgi 30 yil mobaynida postsovet hududiga nisbatan siyosati to‘g‘risida to‘plam chop etilishi rejalashtirilmoqda. Toshkentdagi anjuman ushbu kitobni yakunlash uchun eng muhim intellektual manbalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Rossiyalik mutaxassislarning tashrif dasturi doirasida Toshkentdagi Texnopark faoliyati bilan tanishishni, shuningdek, G‘alaba bog‘iga, poytaxtning madaniy, tarixiy va me’moriy obidalariga tashrif buyurish ham ko‘zda tutilgan.
Saidmurod RAHIMOV,
O‘zA muxbiri