O‘zbekiston-AQSH: yadro xavfsizligi va kichik modulli reaktorlar bo‘yicha hamkorlik rivojlanmoqda
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi Abduvaqqos Rafiqov hamda AQSH davlat kotibining yadro qurollarini tarqatmaslik va energiya sohasidagi raqobatbardoshlik masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Kristofer Klayn boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda FIRST dasturi doirasida kichik modulli reaktor texnologiyalaridan xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishga qaratilgan ishlar muhokama qilindi. Shuningdek, qo‘mita xodimlari uchun tashkil etilgan o‘quv kurslari samarali amalga oshirilgani qayd etildi.

Tomonlar dasturning keyingi bosqichida normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va xavfsizlikni tartibga solish tizimini kuchaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi. Shu bilan birga, atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlash hamda ikki davlat o‘rtasida anglashuv memorandumini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur uchrashuv yadro xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA