Markaziy Osiyo uchun suv, iqlim va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi
Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Iqlim o‘zgarishi sharoitida Markaziy Osiyo uchun suv xavfsizligini ta’minlash” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashabbusi bilan 22-aprel kuni Ostona shahrida o‘tkaziladigan sammit arafasida tashkil etilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Davra suhbatida mintaqa davlatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslari taqchilligi tobora kuchayib borayotganini ta’kidlab, endilikda bu masala nafaqat ekologik, balki strategik xavfsizlik omiliga aylanganini qayd etdilar. Xususan, transchegaraviy daryolar oqimi kamayishi, muzliklar erishi kuchayishi va yog‘ingarchilik tartibi buzilishi Markaziy Osiyoda suv ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotganiga alohida urg‘u berildi.
Mutaxassislar fikricha, bugungi sharoitda suv resurslaridan oqilona, odilona va samarali foydalanish, shuningdek davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish masalasi birinchi darajali ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi mintaqada suv-ekologiya sohasidagi sheriklikni muvofiqlashtiruvchi asosiy platforma sifatida e’tirof etildi.
[gallery-28742]
Tadbir davomida Qozog‘istonning jamg‘armaga raisligi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi. Yaqin kunlarda raislikni qabul qilib oladigan O‘zbekistonning ustuvor vazifalari ham muhokama qilindi. Ekspertlar Toshkent raisligi davrida jamg‘arma faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, xususan Orol dengizi havzasini tiklashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirishga amaliy yondashuv kuchaytirilishiga umid bildirdilar.
Transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘zlashtirish, mintaqaviy hamkorlik mexanizmini takomillashtirish hamda Afg‘onistonni suv muloqotiga jalb qilish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi. Bu tavsiyalar Ostona sammiti kun tartibini shakllantirishda qo‘l kelishi mumkin.
Yakunda ishtirokchilar Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini ta’minlash faqat umumiy yondashuv va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlik orqali amalga oshirilishi mumkinligini ta’kidladilar. Shu jihatdan mazkur muloqot mintaqa uchun muhim siyosiy va ekspert platformasiga aylandi.
Musulmon Ziyo, MuhammadAmin (surat), O‘zA