"O‘zatom" va "Rosatom" texnik akademiyasi kadrlar tayyorlash bo‘yicha kelishuv imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va "Rosatom" texnik akademiyasi o‘rtasida yadro tibbiyoti hamda unga turdosh yo‘nalishlarda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.
Hujjatga "Rosatom" texnik akademiyasi rektori Yuriy Seleznyov va "O‘zatom" agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev imzo chekdi.
Mazkur kelishuv O‘zbekistonda yadro tibbiyoti milliy infratuzilmasini rivojlantirish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning malakasini muntazam oshirish hamda ilmiy-texnik axborot almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida ishlab chiqiladigan ta’lim dasturlari har ikki mamlakatning milliy ehtiyojlari va ilg‘or xalqaro tajribasini hisobga olgan holda shakllantiriladi. Shu bilan birga, tibbiy maqsaddagi izotoplarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish, radionuklid diagnostikasi va terapiyasi, teranostika, nur terapiyasi, radiofarmpreparatlarni yaratish, ishlab chiqarish va klinik amaliyotga joriy etish, hamda radiatsiya xavfsizligi kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
"Rosatom" texnik akademiyasi rektori Yuriy Seleznyovning ta’kidlashicha, akademiya yadro texnologiyalari va ularni energetikadan tashqari sohalarda qo‘llash bo‘yicha katta tajriba hamda noyob kompetensiyalarga ega.
– O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjud. Biz xalqaro standartlarga javob beradigan, eng zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘zimizning ta’lim va ilmiy-uslubiy salohiyatimizni taqdim etishga tayyormiz, – dedi Yuriy Seleznyov.
"O‘zatom" agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayevning ta’kidlashicha, yadro tibbiyotini rivojlantirish O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
– 2026-yil fevral oyida "Rosatom" davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida yadro tibbiyotini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish ishlari boshlangan edi. Bugungi kunda mazkur hujjatni tayyorlash ishlari yakuniy bosqichga yetdi. Strategiya kadrlar salohiyatini rivojlantirish, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sohaning milliy infratuzilmasini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Texnik akademiya bilan imzolangan ushbu kelishuv hamkorligimizni yanada mustahkamlash va belgilangan vazifalarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ladi. Bu nafaqat ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, balki yadro tibbiyoti sohasida faoliyat yurituvchi shifokorlar, tibbiy fiziklar, radiokimyogarlar, radiofarmatsevtlar hamda muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yaxlit tizimini shakllantirishga ham xizmat qiladi, – dedi Azim Ahmedxo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, mazkur kelishuv Rossiya Federatsiyasining Obninsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Obninsk NEW” xalqaro atom sohasi yoshlari forumi doirasida imzolandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA