“Armiya ostonasi” yangi qiyofada
Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti– Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tashabbusi bilan milliy armiyani har tomonlama rivojlantirish, harbiy xizmat nufuzini yuksaltirish hamda mudofaa tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda nafaqat harbiy qismlar, balki aholi bilan bevosita ishlaydigan, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashda muhim o‘rin tutuvchi mudofaa ishlari bo‘limlarini zamonaviy talablar asosida yangilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, yurt himoyachilariga bo‘lgan yuksak ehtirom, ular uchun munosib xizmat sharoitlarini yaratish va harbiy sohada zamonaviy infratuzilmani shakllantirish davlat rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Bugun mamlakatimizning turli hududlarida qad rostlayotgan yangi harbiy ob’ektlar, rekonstruksiya qilinayotgan mudofaa muassasalari ana shu g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.
Ana shunday ezgu ishlardan biri Buxoro viloyati Romitan tumanida amalga oshirildi. Bu yerda tuman mudofaa ishlari bo‘limining rekonstruksiya qilingan ma’muriy binosi hamda chaqiruv punkti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tuman hokimligi mas’ullari, Janubiy-G‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, polkovnik A. Tursunov, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur bino uzoq yillar davomida ta’mirtalab holatda bo‘lib, xizmat faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yetarli emas edi. Davlatimiz rahbarining mudofaa sohasini rivojlantirishga qaratilgan siyosatining amaliy natijasi sifatida Buxoro viloyati harbiy-ma’muriy sektori tomonidan ajratilgan 820 million so‘m mablag‘ hisobidan binoda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi va infratuzilma to‘liq yangilandi.
Bugungi kunda zamonaviy me’moriy yechimlar asosida barpo etilgan mazkur binoda harbiy xizmatni tashkil etish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Navbatchilik xonasi, boshqaruv punkti, arxiv, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun alohida xonalar hamda xizmat xonalaridan iborat 27 ta zamonaviy xona yangi mebellar, kompyuter texnikasi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Eng muhimi, ushbu maskan nafaqat idora sifatida, balki yurt himoyachisi bo‘lish orzusi bilan kelgan yoshlar uchun haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylanmoqda. Chunki har bir chaqiriluvchining armiya haqidagi ilk taassuroti aynan Mudofaa ishlari bo‘limi ostonasidan boshlanadi. Zamonaviy, ozoda va barcha qulayliklarga ega muhit esa ularning harbiy xizmatga bo‘lgan ishonchi va qiziqishini yanada oshiradi.
Bugun “Armiya ostonasi” deb e’tirof etilayotgan ushbu maskanda yoshlarni Qurolli Kuchlar safida xizmat qilishga saralash va tayyorlash bilan birga, ular qalbiga Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, jasorat, burchga sadoqat va fidoyilik kabi yuksak fazilatlarni singdirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda mudofaa sohasini modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning mehnat va xizmat sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuksak baho berishdi.
Tantanali marosim harbiy orkestrning vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari va faxriy qorovulning namunali chiqishlari bilan yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Bu chiqishlar tadbir ishtirokchilariga milliy armiyamiz qudrati, intizomi va jangovar salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri