O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi
Avval xabar berganimizdek, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Mazkur tashrif doirasida hudud uchun muhim bo‘lgan qator kelishuvlar imzolanmoqda.
Jumladan, Guliston davlat universiteti hamda Tianjin Light Industry Vocational Technical College o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Memorandum doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, akademik resurslar almashinuvini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.

– Hamkorlikni amaliy jihatdan rivojlantirish maqsadida universitet hududida 200 kvadrat metr maydonda “Lu Ban Workshop” zamonaviy o‘quv-amaliy ustaxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mazkur markaz sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, dasturlash va avtomatlashtirish yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilib, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi, – deya Xitoydan xabar berdi Dilmurod Eshmurodov, Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori.

Shuningdek, 2026-yil may–iyun oylarida universitetning 10 nafar professor-o‘qituvchisini Xitoyda qisqa muddatli stajirovkaga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu dastur orqali ular zamonaviy kasbiy ta’lim metodikasi va innovatsion laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishadilar.

Tomonlar kelgusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish bo‘yicha ham hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri