“OTP Group Tashkent Grand Slam 2026”: 39 ta davlat orasida O‘zbekiston kuchli uchlikda
Bugun, 28-fevral kuni poytaxtdagi “Humo Arena” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha “OTP Group Tashkent Grand Slam 2026” turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning 39 ta mamlakatidan 379 nafar mahoratli dzyudochi ishtirok etayotgan turnirning bugungi bellashuvlarida erkaklar -73, -81, ayollar -63, -70 kilogramm vazn toifalarida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

Xalqaro turnirning ilk kunidagidek bugun ham O‘zbekiston terma jamoasining 16 nafar a’zosi medallar hamda jahon reytingining qimmatli ochkolari uchun bellashuvlarda ishtirok etadi.
Ortda qolgan birinchi kungi bahslar sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 2 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan peshqadamlik qilmoqda. 1 tadan oltin va kumush medal jamg‘argan Ozarbayjon ikkinchi pog‘onani band etmoqda.

Mahoratli dzyudochilarimiz Shukurjon Aminovaning oltini va Doston Ro‘ziyevning bronza medali evaziga O‘zbekiston kuchli uchlikda bormoqda.
Xalqaro turnir bellashuvlari 1-martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA