O‘tinlar orasiga ekilgan og‘u
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Sharof Rashidov tumanida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbir davomida giyohvandlik bilan bog‘liq qonunbuzarlik fosh etildi.
Aniqlanishicha, tumanning Yoshlik mahallasida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan L. M. o‘z hovlisidagi o‘tinlar orasida 65 tup ko‘knoriga o‘xshash o‘simlikni parvarishlab kelgan.

Holat xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib, mazkur o‘simliklar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. Ayni paytda ularning giyohvandlik xususiyatiga ega ekanligini aniqlash maqsadida tegishli ekspertiza teshiruvi tayinlangan bo‘lib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tarkibida giyohvandlik moddalari mavjud bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish nafaqat qonunbuzarlik, balki jamiyat salomatligi va xavfsizligiga tahdid soluvchi omil hisoblanadi. Afsuski, ayrim holatlarda bunday o‘simliklar aholi yashash hududlarida, hatto xonadonlarda yashirincha parvarishlanayotgani xavotir uyg‘otadi.
Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari muomalasiga qarshi kurashning huquqiy asoslari yaratilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustda qabul qilingan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunida giyohvandlik vositalari tarkibiga kiruvchi o‘simliklarni yetishtirish, saqlash va ularning noqonuniy muomalasiga qarshi qat’iy cheklovlar belgilangan. Shuningdek, mazkur sohada qonunchilikni takomillashtirish maqsadida 2022-yil 1-iyunda “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqidagi O‘RQ–774-son Qonun qabul qilindi. Bu esa giyohvandlik vositalari ustidan nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Biroq qonunlar va nazorat choralari qanchalik kuchaytirilmasin, bunday holatlarning oldini olishda mahalla, oila va jamoatchilikning mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Nega bir xonadon hududida o‘nlab tup ko‘knor parvarishlanayotgani atrofdagilar e’tiboridan chetda qoldi? Nega bu kabi holatlar faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tadbiri davomida aniqlanmoqda?
Mutaxassislar fikricha, giyohvandlikka qarshi kurash jazo choralari bilan cheklanib qolmasdan, aholi orasida huquqiy madaniyatni oshirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va mahallalarda profilaktik ishlar samaradorligini kuchaytirish bilan ham uzviy bog‘liq.
Abdujalol Qayumov, O‘zA