E’tirofga munosib mehnat
Yurtimizda madaniyat va san’at ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor ularning ijodga bo‘lgan mehri va mas’uliyatini yanada oshirmoqda.
Ana shu yuksak e’tirofning yana bir ifodasi sifatida jizzaxlik bir guruh madaniyat va san’at namoyandalari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-maydagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni madaniyat sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilib kelayotgan ijod ahli uchun katta rag‘bat bo‘ldi. Unda milliy madaniyatimizni yuksaltirish, ma’naviy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbiga Vatanga muhabbat va ezgulik tuyg‘ularini singdirish yo‘lida fidokorona xizmat qilgan soha vakillarining mehnati munosib qadrlandi.

Quvonarlisi, mukofotlanganlar orasida jizzaxlik ijodkorlar ham bor. Jizzax viloyati musiqali drama teatri artisti Raisa Abdullayeva “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lsa, Forish tumani madaniyat bo‘limi mudiri Maxmud Narkazakov “Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rildi.

Taqdirlash marosimida so‘z olgan Raisa Abdullayeva bu yuksak e’tirofni san’at ahliga bo‘lgan ishonch va e’tibor namunasi sifatida qabul qilishini ta’kidladi. — Sahna men uchun hayot maktabi, xalq esa eng oliy hakam, — dedi san’atkor. — Tomoshabin mehrini qozonish oson emas. Bu mukofot menga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Ko‘p yillardan buyon madaniyat sohasida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Mahmud Narkazakov esa mukofotni butun soha xodimlarining mehnatiga berilgan baho sifatida qabul qilishini aytdi. — Madaniyat odamlarni qalban yaqinlashtiradi, — dedi u. — Eng katta maqsadimiz yoshlarni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash va ularning iste’dodini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi. Marosimda sohaning fidoyi vakillari, nuroniylar, ijod ahli hamda yoshlar ishtirok etdi.

Bugun Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atga qaratilayotgan e’tibor nafaqat ijodkorlarni ruhlantirmoqda, balki millat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA