Ijodkorlar mehnatining yuksak e’tirofi
Samarqand viloyati hokimligida Prezidentimizning kuni kecha e’lon qilingan “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan samarqandlik ijodkorlarga orden va medallarni tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi.
Farmonga ko‘ra, ko‘p yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror iste’dodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatimizni boyitish, asriy an’analarimiz, boy merosimizni asrab-avaylash va Yangi O‘zbekistonni jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, mohir ganchkor usta Shahobiddin Amriddinov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, Kattaqo‘rg‘on tumani madaniyat bo‘limiga qarashli “Zarafshon” ashula va raqs xalq dastasi badiiy rahbari Mansur Xudayberdiyev hamda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri aktyori O‘tkirjon Ochilov “Do‘stlik” ordeni bilan, Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov, “Samarqand” davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Masud Samiboyev hamda Samarqand viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Marosimda ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev mukofotlanganlarni tabriklab, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirish, boy tarixiy-merosimizni asrab-avaylash, jamiyatda o‘zaro hamjihatlik, ezgulik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Xususan, Samarqand azaldan yirik madaniyat, ilm-fan markazi sifatida nainki yurtimiz, balki jahonda ham o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lgani, ajdodlarimiz an’analari bugun ham iste’dodli madaniyat va san’at xodimlari, olimlar, ilg‘or ziyolilar tomonidan munosib davom ettirilayotganini ta’kidladi. Viloyat hokimi davlatimiz rahbari nomidan mukofotlarni o‘z egalariga topshirib, ularning ijodiy-ilmiy ishlariga muvaffaqiyat tiladi. Marosimda samarqandlik faollar, davlat mukofoti bilan taqdirlangan yurtdoshlarimiz so‘zga chiqib, 6 nafar ijodkorning yuksak orden va medallarga munosib ko‘rilgani samarqandlik barcha madaniyat va san’at xodimlari mehnatining yuksak e’tirofi ekanligini ta’kidlab, Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
– Keyingi yillarda mamlakatimizda barcha soha va yo‘nalishlar kabi tarix va madaniy merosimizni o‘rganish, keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti direktori, “Shuhrat” medali sohibi Mo‘minxon Saidov. – Bizning institutimiz oldiga ham bu borada muhim vazifalar qo‘yilib, jumladan, Samarqandning uch ming yillikdan ortiq tarixga egaligini isbotlash, Sohibqiron Amir Temurning Ko‘ksaroy arki o‘rnini topish, buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joyni aniqlash borasida qimmatli ma’lumotlar to‘plashga erishdik.
[gallery-29695]
Yana ko‘plab tarixiy maskanlarda arxeologik tadqiqot ishlari olib boryapmiz. Menga berilgan mukofot ana shu ishlarda fidoyilik ko‘rsatayotgan institutimiz barcha xodimlari xizmatlari e’tirofi deb bilaman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA