“Osh sayli” — birlik va qadriyatlar namoyishi
Jizzax viloyati Forish tumanidagi Amir Temur mahallasida joylashgan 55-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “Osh sayli” oddiy tadbir emas, balki qadriyatlar va jamoaviy birlikni tarannum etgan voqeaga aylandi.
Unda maktab, mahalla va oila uchligi uyg‘unligida shakllanayotgan tarbiya tizimining amaliy Qozonlarda qaynagan palov nafaqat taom, balki asrlar davomida sayqal topgan milliy an’analarimizning timsoli sifatida qadrlandi. Har bir sinf jamoasi bu bellashuvda o‘zining pazandalik mahorati, tashkilotchilik salohiyati va eng muhimi — hamjihatlik fazilatini namoyon etdi.

Ayniqsa, kichik yoshdagi o‘quvchilarning sinf rahbarlari boshchiligida osh tayyorlash jarayonida faol ishtirok etgani, ularda mehnatsevarlik, mas’uliyat va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi shakllanayotganidan dalolat berdi.

Musobaqa adolatli va xolis baholanishi uchun tajribali hakamlar hay’ati faoliyat yuritdi. Ular ishtirokchilarning taom tayyorlash texnikasi, ta’m, bezak va jamoaviy ishlash madaniyatini har tomonlama sinchiklab baholadi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuv yakunida 4-“B”, 5-“B” va 11-“B” sinf jamoalari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, taqdirlandi.

Tadbir davomida 55-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Sabo Otabekova bilan suhbatlashdik.
— “Osh sayli” — bu shunchaki musobaqa emas, — deydi u. — Bu milliy o‘zligimizni anglash, qadriyatlarimizni yosh avlod qalbiga singdirishning ta’sirchan shaklidir. Palov — o‘zbek xalqi uchun birlik ramzi. Qozon atrofida jam bo‘lish, birga mehnat qilish, bir dasturxon atrofida yig‘ilish — bularning barchasi farzandlarimizni jamoada yashashga, o‘zaro hurmat va mehr-oqibatga o‘rgatadi.

— Bugungi globallashuv sharoitida ana shunday tadbirlar orqali biz bolalarni o‘z ildiziga qaytaryapmiz. Ular nafaqat kitob orqali, balki amaliy jarayonda ham milliy an’analarni his etadi, anglaydi. Eng muhimi, bunday bellashuvlar ularning qalbida Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlaydi.
Darhaqiqat, “Osh sayli” maktab va mahalla hamkorligining samarali namunasi sifatida namoyon bo‘lib, yosh avlodni milliy va ma’naviy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri