SAT sertifikati egalari uchun davlat granti bo‘yicha yangi imkoniyatlar joriy etilmoqda
Hozirgi global ta’lim tizimida xalqaro sertifikatlar abituriyentlarning bilim va salohiyatini baholashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu munosabat bilan ta’limda shaffoflik va imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida SAT sertifikatiga ega nomzodlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab SAT sertifikatiga ega abituriyentlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Yangi tartibga asosan, abituriyent “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan SAT imtihonida maksimal ballning kamida 75 foizini, ya’ni 1200 ball va undan yuqori natijani qayd etgan bo‘lishi lozim.
Mazkur sertifikatga ega abituriyentlar, agar sertifikat fanlari (matematika va chet tili) tanlangan bakalavriat yo‘nalishlarining imtihonlar majmuasida mavjud bo‘lsa, oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
2026/2027 o‘quv yili qabul jarayonida imtiyozdan foydalanish uchun SAT sertifikatlari rasmiy platforma orqali 35787 DI kodi bilan Bilim va malakalarni baholash agentligiga yuborilishi lozim.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, faqat DI kod orqali yuborilgan sertifikatlar qabul jarayonida haqiqiy hisoblanadi. Qo‘lda yuklash yoki skrinshotlar qabul qilinmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA