Baxmalda kartoshka ekish qizg‘in
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni diversifikatsiya qilish va aholi ehtiyojini barqaror qondirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat bugun amaliy natijalarda o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, davlat rahbarining kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan qaror va topshiriqlari ijrosi joylarda tizimli ta’minlanayotgani sohada yangi yondashuv va samaradorlikni yuzaga chiqarmoqda.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida ayni kunlarda kartoshka ekish ishlari jadal va puxta reja asosida olib borilmoqda. “Gulbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida 220 gektar, “Navbahor”da 170 gektar, “Bunyodkor”da 150 gektar yerlar agrotexnik talablar asosida tayyorlanib, yuqori hosildorlikka mo‘ljallangan urug‘lar yerga qadalmoqda.

Ekish jarayonida xorijiy seleksiya yutuqlaridan samarali foydalanilmoqda. Jumladan, Gollandiyadan olib kelingan “Arizona” navi hosildorlik va sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Bu esa ichki bozorni raqobatbardosh va sifatli mahsulot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

— Hududimiz iqlim sharoiti va tuproq unumdorligi jihatidan kartoshka yetishtirish uchun juda qulay, — deydi “Navbahor” MFY hokim yordamchisi Sherzod Hazratov. — Shuning uchun ham bugungi islohotlar doirasida asosiy e’tibor hosildorlikni oshirish, samaradorlikni kuchaytirish va aholini arzon hamda sifatli mahsulot bilan ta’minlashga qaratilgan.
Barcha jarayonlarda zamonaviy texnika va innovatsion agrotexnologiyalardan keng foydalanilmoqda. Suv resurslarini tejab ishlatish, mineral o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, agrotexnik tadbirlarni aniq muddatlarda bajarish kabi omillar hosildorlikni oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, balki aholi bandligini ta’minlash, qishloq joylarda daromad manbalarini kengaytirishga ham xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu kabi yondashuvlar mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosati ijrosining hayotiy tasdig‘i bo‘lib maydonga chiqmoqda.

Baxmal dalalaridagi bugungi mehnat ertangi farovonlik garovidir. Kartoshkachilikni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati joylarda to‘liq va samarali amalga oshirilayotgani esa qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri