O‘rta asrlarda rudadan toza oltin olishning sirli usullari
Qadim zamonlarda, tog‘ jinslari orasida yashiringan qimmatbaho metallarni ajratib olish bugungi kun nuqtai nazaridan deyarli imkonsizdek tuyuladi. Zamonaviy kimyoviy reaktivlar, kuchli maydalagichlar va murakkab texnologiyalar bo‘lmagan bir sharoitda ajdodlarimiz nafaqat kumush yoki mis, balki ko‘zga ko‘rinmas zarralar holida tarqalgan oltinni ham rudalardan qanday qilib ajratib ola bilgan?
Bu savolga javob o‘rta asr konchilari va metallurglarining topqirligi hamda tabiat qonunlarini chuqur bilganidan dalolat beradi. Ular qo‘llagan usullar oddiy, ammo o‘ta samarali bo‘lib, ularning har biri o‘z davri dahosining mahsulidir. Akademik Yuriy Buryakovning “O‘rta asrlar Iloqida konchilik ishi va metallurgiya” nomli tadqiqotida keltirilgan ma’lumotlar bizga bu jarayonning ayrim sirlarini ochadi.
Oltin qazib olish bir necha bosqichdan iborat bo‘lgan. Dastlab, tarkibida oltin bo‘lgan kvars yoki boshqa tog‘ jinslari konlardan qazib olinib, maxsus maydonchalarga olib kelingan. Bu yerda yirik toshlar maxsus tosh bolg‘alar yordamida maydalangan. Konlardan topilgan og‘irligi 300–550 grammgacha bo‘lgan, ishqalanishdan silliq bo‘lib qolgan daryo toshlari aynan shu maqsadda ishlatilgan. Shundan so‘ng maydalangan ruda yanada maydaroq bo‘laklarga ajratish uchun toshdan yasalgan tegirmon toshlariga o‘xshash yorg‘uchoqlarda ezilgan. Buyuk olim Beruniy o‘zining asarlarida yozishicha, oltin tosh bilan shunchalik birlashib ketgan bo‘ladiki, uni faqat maydalash va ezish orqaligina ajratib olish mumkin. Qazilma ishlarida topilgan yirik va og‘ir yorg‘uchoq toshlari aynan shu maqsadda xizmat qilgan.
Keyingi bosqich – bu boyitish, ya’ni maydalangan rudadan yengil, keraksiz jinslarni ajratib, og‘ir oltin zarralarini qoldirish edi. Bu jarayonda eng ko‘p qo‘llanilgan usul – suv yordamida yuvish bo‘lgan. Oqib turgan suv (ariq yoki soy) yoqasiga maxsus lotoklar (novlar) o‘rnatilib, maydalangan ruda shu novlarga solingan va suv bilan yuvilgan. Suv oqimi yengil qum va tuproqni oqizib ketgan, og‘ir oltin zarralari esa novning tubida cho‘kib qolgan. Bu jarayon bir necha marta takrorlanib, oltin konsentratsiyasi oshirilgan. Agar oqar suv bo‘lmasa, rudani shamolda sovurish usulidan ham foydalanilgan. Rudani maxsus g‘alvirlarda elab, yengil chang-to‘zonni shamol uchirib ketishini ta’minlashgan va og‘irroq qismini keyingi bosqich uchun olib qolishgan.
Ammo eng hayratlanarli va o‘z davri uchun yuksak texnologiya hisoblangan usul – bu amalgamatsiya, ya’ni simob yordamida oltinni ajratib olishdir. Chotqol-Qurama tog‘laridagi oltin konlarida oltin ko‘pincha mayda, ko‘zga ko‘rinmas zarralar shaklida uchraydi. Bunday oltinni oddiy yuvish usuli bilan to‘liq ajratib olish imkonsiz edi. Ajdodlarimiz simobning oltinni o‘ziga “yutish” xususiyatini juda yaxshi bilishgan. Beruniy bu jarayonni quyidagicha tasvirlaydi: “Oltin zarralari simob bilan birlashganda, simob ularni yutadi va o‘ziga qo‘shib oladi”. Yuvib, boyitilgan qumga simob qo‘shilgan va aralashtirilgan. Simob barcha oltin zarralarini o‘ziga biriktirib olgach, hosil bo‘lgan aralashma (amalgama) maxsus charm xaltachalarga solinib siqilgan. Ortiqcha simob xaltacha teshiklaridan oqib chiqqan, oltin bilan birikkan qismi esa ichkarida qolgan. So‘ngra bu amalgamani qizdirishgan. Simob past haroratda bug‘lanib uchib ketgan, sof oltin esa idish tubida qolgan. Bu usul naqadar xavfli bo‘lishiga qaramay (simob bug‘lari juda zaharli), u mayda zarrali oltinni ajratib olishning eng samarali yo‘li hisoblangan.
Shunday qilib, o‘rta asr konchilari mexanik va kimyoviy jarayonlarni o‘zida birlashtirgan murakkab texnologik zanjirni yo‘lga qo‘ya olganlar. Tosh bolg‘a va yorg‘uchoqlar bilan maydalash, suv oqimida yuvib boyitish va nihoyat, simob yordamida oltinni yakuniy ajratib olish – bu bosqichlarning har biri chuqur bilim, tajriba va mahoratni talab qilgan. Bu bizga ajdodlarimizning nafaqat jasur konchilar, balki o‘z davrining bilimdon metallurglari va kimyogarlari ham bo‘lganini ko‘rsatadi. Ular tabiat in’om etgan ne’matlarni aql-zakovat ila o‘zlashtirib, sivilizatsiya rivoji uchun xizmat qildira olganlar.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA