Xizmatdan ta’limga — askarlar uchun yangi imkoniyatlar (+video)
Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kelajagiga keng yo‘l ochishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ana shunday e’tiborning yorqin namunasi sifatida Milliy gvardiya saflarida namuna ko‘rsatgan askarlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
O‘tgan bir yillik xizmat davomida muddatli harbiy xizmatchilar nafaqat jismoniy, ma’naviy-ma’rifiy va jangovar tayyorgarligini oshirdi, balki irodasini mustahkamlab, intizom, mas’uliyat, jasorat, sabr-toqat kabi eng yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etib haqiqiy Vatan himoyachisi sifatida shakllandilar.
Shuningdek, davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan foydalanib, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan 1 300 nafardan ortiq askarlar imtiyozli tavsiyanomalarni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari kelgusida tadbirkorlik va boshqa ish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 1 600 nafardan ortiq askarlar 14 turdagi kasb-hunar kurslarida o‘qitilib, sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Ana shunday yigitlik burchini ado etib, o‘z yashash hududlariga qaytish ostonasida turgan askarlarga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar Milliy gvardiya qo‘mondonligi, Toshkent harbiy prokuraturasi va faxriylar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirda safda turgan yigitlar misolida harbiy xizmatda qolish istagini bildirib, kasbiy-saralash tanlovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan askarlar, o‘zining intizomi, bilim va salohiyatini namoyon etib Milliy gvardiya saflariga qabul qilinayotgani aytib o‘tildi.
Xizmatni yakunlayotgan ushbu muddatli harbiy xizmatchilar kelgusida qayerda faoliyat yuritmasin, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan, yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan, jamiyatda faol va fidoyi insonlar bo‘lib qoladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UiG4O7sjAkk" title="Xizmatdan ta’limga — askarlar uchun yangi imkoniyatlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U.To‘xtayev (montaj), O‘zA