Oila — jamiyat tayanchi, millat kelajagi
"Oila kichik vatan, oila tinch bo‘lsa, baxtli bo‘lsa, Vatan tinch bo‘ladi". O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aytilgan ushbu hayotiy va teran ma’noli fikr bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yaqqol ifoda etadi. Chunki jamiyat taraqqiyoti, millat kelajagi avvalo oila mustahkamligi va undagi ma’naviy muhit bilan bevosita bog‘liqdir.
Xalqaro oilalar kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ayniqsa “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimlari ana shu ezgu g‘oyalarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyatida ham mazkur sana katta tayyorgarlik va yuqori kayfiyat bilan nishonlandi. Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatrida tashkil etilgan bayram tadbiriga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tuman va shahar hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, faol xotin-qizlar, jamoatchi ayollar, davlat mukofotlari sohiblari, nuroniy onaxonlar, yosh oilalar hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Tojiboyeva so‘zga chiqib, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mahallabay ishlash tizimi takomillashtirilib, “mahalla yettiligi” faoliyati kuchaytirildi, oilalar muammolarini manzilli hal etish mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi. Bu esa oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi “Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-sentabrdagi “Ibratli oilalarni rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ta’sis etilgan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bugun xalqimiz hayotida muhim ma’naviy qadriyatga aylandi.
Mazkur ko‘krak nishoni hayot tarzi bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylab kelayotgan, farzandlarini halol, vatanparvar va bilimli qilib tarbiyalayotgan, oila muqaddasligini ulug‘layotgan oilalarga topshirilmoqda.
Joriy yilda mazkur tizim yanada takomillashtirildi. Saralash jarayonlariga yangi yondashuvlar joriy qilinib, hududiy komissiyalar va tegishli idoralar tomonidan 200 dan ortiq oila tavsiya etildi. Natijada 2026-yilda respublika bo‘yicha 97 ta oila “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyatida ham ana shunday namunaviy, ahil va ma’naviyatli oilalar munosib rag‘batlantirildi. Bayram tadbiri davomida ko‘krak nishoni sohiblariga maxsus guvohnoma, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Eng muhimi, bu oilalarning hayot yo‘li, farzand tarbiyasidagi tajribasi, mahalla va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki yoshlar uchun ibrat maktabi sifatida e’tirof etildi.
Tadbir davomida sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlar va teatrlashtirilgan chiqishlar orqali oila muqaddasligi, ota-onaga hurmat, farzand tarbiyasi, milliy qadriyatlar va mehr-oqibat g‘oyalari keng targ‘ib qilindi. Bu esa bayram ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, Sirdaryo viloyatida “Farovon oila sari” oyligi doirasida qator ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy va sport tadbirlari amalga oshirilmoqda. Xususan, mahallalarda “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi”, “Mening oilam — faxrim”, “Oila bolalar nigohida” kabi tanlovlar, ma’rifiy uchrashuvlar, “Sog‘lom oila uchun birlashaylik!” sport marafonlari, “Sayyor qabul”lar hamda muammoli oilalar bilan manzilli ishlar tashkil etilmoqda.
[gallery-29475]
Bundan tashqari, “Oilalar sayli” — “Oilafest” tadbirlari doirasida nuroniy juftliklar, yosh kelin-kuyovlar ishtirokida madaniy dasturlar, sport musobaqalari, bolalar uchun ko‘ngilochar chiqishlar, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va xayriya aksiyalari o‘tkazilmoqda.
Ayniqsa, “Ayollar daftari”, ijtimoiy reyestr va boshqa dasturlar orqali ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani inson qadrini ulug‘lash tamoyili amalda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatadi.
Bugun Yangi O‘zbekistonda oila nafaqat muqaddas qadriyat, balki jamiyat barqarorligi, ma’naviy yuksalish va millat kelajagining mustahkam poydevori sifatida e’tirof etilmoqda. Zero, tinch va baxtli oila — yurt taraqqiyoti va Vatan ravnaqining eng ishonchli tayanchidir.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA