Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun soliq imtiyozlari mustahkamlanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida “Milliy qonunchilikning nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiqlashtirilishi hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi.
— Mazkur qonun loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslar va “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga davlat tomonidan taqdim etilgan imtiyozlar, qo‘llab-quvvatlashlarni qonun darajasida mustahkamlash nazarda tutilmoqda, — deydi deputat Sevara Ubaydullayeva. — Qonun loyihasi bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar va “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolarga soliq imtiyozlari berilmoqda. Bu imtiyozlarni belgilashda 1-, 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga yer, mol-mulk soliqlarida proaktiv shaklda to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish imkoniyati yaratilmoqda.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan yoki ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga ham soliq imtiyozlari belgilanmoqda. Bunda yuridik shaxslarga ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash, YATTga esa hisoblamaslik taklif etilyapti. Kamida 4 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsni ishga olgan yuridik shaxslar mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ham ozod etiladi.
Shuningdek, shaxsni nogironlik belgilariga ko‘ra kamsitganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Loyihadagi normalar nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun belgilangan imtiyozlarni qonun darajasida mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi deputat.
Fraksiyalar yig‘ilishlarida qonun loyihasi muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA