Ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi omillar bartaraf etiladi
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bo‘yicha ma’ruza qilgan Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev keyingi yillarda aholining uy-joyga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlarini yanada jadallashtirish, vakolatli tashkilotlarning mas’uliyatini oshirish, huquqni e’tirof etish bilan bog‘liq ayrim mexanizmlarni soddalashtirish, fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur qonun bilan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlarga huquqlarni e’tirof etish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirishga hamda huquqlarni e’tirof etish ishlari bilan bog‘liq shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirilib, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lovni bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi va shartlari joriy etilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun bilan kiritilayotgan normalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA