Odamga it hujum qilsa, it egasiga nisbatan javobgarlik bormi?
Huquqiy munosabat
Bunday holatda it egasiga nisbatan javobgarlik mavjud. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyevning ma’lumotiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 202-son qarori bilan aholi punktlarida itlarni saqlashning aniq qoidalari belgilangan.
Ushbu qoidalarga ko‘ra, it egasi hayvonni ro‘yxatga olish, vaksinatsiya qilish, nazorat ostida saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash majburiyatiga ega. Mazkur talablarning buzilishi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi hayvonlarni saqlash qoidalarini buzganlik uchun aniq javobgarlik choralarini belgilaydi.
Unga muvofiq, shaharlar va boshqa aholi punktlarida hayvonlarni saqlash qoidalarini buzish, shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish va saqlash choralarini ko‘rmaslik fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 3–5 baravari, mansabdor shaxslarga esa 5–10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu qoidabuzarlik odamlarning sog‘lig‘iga yoki yuridik hamda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetishiga olib kelgan bo‘lsa (jinoyat alomatlari bo‘lmagan taqdirda), fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10–15 baravari, mansabdor shaxslarga esa 15–30 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Xulosa qilib aytganda, agar it hujum qilib, shaxsga zarar yetkazsa, bu hayvonni saqlash qoidalarining buzilganini anglatadi va it egasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 110-moddasi asosida javobgarlikka tortiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA