“Ochiq eshiklar kuni”
Qashqadaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati binosida Qashqadaryo yuridik texnikumi talabalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi yoshlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni sud tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat.
Tadbir avvalida viloyat sudi raisi Anvar Elmurodov so‘zga chiqib, sudlar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish, odil sudlovni ta’minlash, sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy ongi va sud tizimi haqidagi tasavvurini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng talabalar sud binosi va majlislar zallari bilan yaqindan tanishdi. Ularga fuqarolarning sudlarga murojaat qilish tartibi, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish jarayoni, sud muhokamalarining bosqichlari, shuningdek, sudya va sud xodimlari faoliyatining o‘ziga xos jihatlari haqida amaliy tushunchalar berildi.
Tadbirning ikkinchi qismi Qashqadaryo yuridik texnikumida davom etdi. Bu yerda o‘tkazilgan muloqotda sudlardagi ochiqlik va oshkoralik tamoyillari, adolatni qaror toptirishda sud hokimiyatining o‘rni xususida atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir doirasida jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudining ochiq sayyor sud majlisi ham tashkil etildi. Unda talabalar sud muhokamasi jarayonini bevosita kuzatish, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishning barcha bosqichlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi amaliy tadbirlar yoshlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ularni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash hamda kelgusida malakali mutaxassislar etib shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA