Nooziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan umumiy xavfsizlik talablari belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, loyihada nooziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan umumiy xavfsizlik talablarini belgilash bilan birga, yuqori xavfga ega ayrim mahsulotlar uchun texnik reglamentlar orqali maxsus majburiy talablar joriy etish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasida Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha bitimi talablari ham inobatga olingan. Xususan, texnik reglamentlar xalqaro savdoda ortiqcha to‘siqlar yaratmasligi, mahsulotlar uchun teng shart-sharoitlar ta’minlanishi hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldi olinishi kabi tamoyillar mustahkamlangan.

— “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilanayotgan normalar nooziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega, — deydi fraksiya a’zosi Gulchehra Tojiboyeva. — Loyihada texnik reglamentlar mahsulot konstruksiyasiga emas, balki uning xavfsizligi va natijaviy ko‘rsatkichlariga qaratilgan talablarni o‘z ichiga olishi belgilanmoqda. Iqtisodiy operatorlar — ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va distribyutorlar — mahsulotning muvofiqligini baholab, tegishli deklaratsiyalarni rasmiylashtirishi hamda zarur hollarda milliy muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alashi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, “muvofiqlik prezumpsiyasi” tamoyili ham joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, belgilangan standartlarga muvofiq ishlab chiqarilgan mahsulotlar avtomatik ravishda umumiy xavfsizlik talablariga javob beradi, deb hisoblanadi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi natijasida nooziq-ovqat mahsulotlari uchun aniq va shaffof xavfsizlik talablari belgilanadi, iqtisodiy operatorlarning mas’uliyati oshadi, xavfli mahsulotlar bozorga kirib kelishining oldi olinadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA