Parrandachilik — yetti xazinaning biri
Bu hikmatli gap xalqniki. Zero, parrandachilik azaldan xonadon barakasini oshiruvchi, oilani sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlovchi muhim soha sifatida qadrlanib kelingan. Bugungi kunda ham bu yo‘nalish nafaqat qishloq joylarda, balki chekka hududlarda ham aholi bandligini ta’minlash, daromad manbaini kengaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi yillarda Buxoro viloyatining eng chekka hududlaridan biri – Turkmaniston Respublikasi bilan chegaradosh Olot tumanida ham parrandachilikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yerda ko‘plab xonadonlar tuxum va go‘sht yo‘nalishida parranda parvarishlab, nafaqat o‘z ehtiyojini qondirmoqda, balki bozorga ham sifatli mahsulot yetkazib bermoqda.

Ana shunday namunaviy xonadonlardan biri “Oq oltin” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi O‘rinovlar oilasidir. Ushbu xonadonda bugungi kunda 1000 bosh jo‘ja parvarishlanmoqda. Jumladan, 500 dona “Qora shahzoda” zotli jo‘jalar tuxum yo‘nalishida, yana 500 dona “Sendi oq” jo‘jalar esa go‘sht yetishtirish maqsadida boqilmoqda.

E’tiborlisi shundaki, parrandalar atigi 2 sotix yer maydonida parvarish qilinmoqda. Shunga qaramasdan, ularni ko‘paytirish va parvarishlash uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Zamonaviy parvarish usullari, ozuqa ta’minoti va veterinariya xizmatlariga qat’iy rioya qilinayotgani esa yuqori samaradorlikka erishish imkonini bermoqda. Yetishtirilayotgan mahsulotlar nafaqat oila ehtiyoji uchun, balki tuman bozorlariga ham muntazam yetkazib berilayotgani ahamiyatlidir.

Xonadon rahbari Sardor O‘rinov bu borada o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashar ekan, shunday deydi: — Parrandachilik, avvalo mehnat va sabrni talab qiladi. Jo‘jalarni parvarish qilishda eng muhim jihat ularning sog‘lom o‘sishini ta’minlashdir. Buning uchun jo‘jalar o‘z vaqtida emlanishi, veterinariya nazoratidan o‘tishi, zarur dori vositalari bilan ta’minlanishi shart. Shu bilan birga, sifatli va muvozanatli ozuqa berish ham katta ahamiyatga ega. Agar parrandaga to‘g‘ri qaralsa, u albatta o‘z samarasini beradi.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda parrandachilik kichik hajmda boshlanib, keyinchalik kengaytirish mumkin bo‘lgan serdaromad sohalardan biri hisoblanadi. Shu bois, u yoshlarga va ishsiz aholi qatlamiga ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanishni tavsiya etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ushbu xonadon 1000 bosh parranda hisobidan qariyb 80 million so‘m daromad olishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, tuxum yo‘nalishida yana 500 bosh parranda parvarish qilinayotgani kelgusida daromad hajmini yanada oshirish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘rinovlar oilasi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, to‘g‘ri tashkil etilgan parrandachilik faoliyati orqali kichik maydonda ham katta natijalarga erishish mumkin. Eng muhimi, bunday tashabbuskor va mehnatsevar xonadonlar boshqalar uchun ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri