“Temuriylar Renessansi va Yangi O‘zbekiston”
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Temuriylar Renessansi va Yangi O‘zbekiston” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad Amir Temur va temuriylar davrida shakllangan yuksak davlatchilik an’analari, ilm-fan va madaniyatning rivojlanish tajribasini, shuningdek, ularni bugungi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi bilan uyg‘un holda o‘rganishdan iboratdir.

Unda respublikadagi oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar, ilmiy markazlardan taniqli olimlar, yosh olimlar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda institut rektori v.v.b. Quvondiq Qodirov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi boshlig‘i Tatlimurat Atamuratov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Yaxshibeka Abdullayeva, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi katta ilmiy xodimi, professor Maqset Qarlibayev, tarix fanlari doktori, dotsent Maman Saribayev, institutning tarix ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi, Bobur nomli davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi Jasurbek Nurullayev Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrining siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotiga oid ma’ruzalari bilan qatnashdi.

Ta’kidlanganidek, Amir Temur asos solgan markazlashgan davlat tizimi o‘z davri uchun eng mukammal boshqaruv modeli bo‘lib, unda adolat, qonun ustuvorligi, tartib-intizom va kuchli harbiy strategiya asosiy tamoyil sifatida o‘rnatilgan. Bu esa hududiy yaxlitlikni ta’minlash bilan birga, iqtisodiy barqarorlik va aholi farovonligini mustahkamlashga xizmat qilgan. Shu jihatdan, Amir Temur tomonidan ilgari surilgan boshqaruv tamoyillari hozirgi vaqtda ham zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega ekanligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.


Konferensiyada temuriylar davri renessans bosqichi sifatida baholanib, bu davrda ilm-fan, madaniyat, me’morchilik va san’at yuksak darajada rivojlangani ilmiy asoslarda muhokama qilindi. Jumladan, astronomiya, matematika, tibbiyot, tarix va adabiyot sohalarida erishilgan yutuqlar Sharq va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.