Nogironlik pensiyasi avtomatik tarzda tayinlanishi kutilmoqda
2026-yil yakuniga qadar pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlarni raqamlashtirish, Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlarini tugatish vazifasi belgilangan.
Parlament quyi palatasiga kiritilgan "Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga pensiyaga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Qonun loyihasi pensiya ta’minoti tizimida inson omilini kamaytirish, sohadagi axborot tizimlaridan unumli foydalanish hamda nogironligi bor fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi direktori o‘rinbosarining qayd etishicha, qonun loyihasi bilan avvalo, nogironlik guruhi belgilanishi uchun fuqaroning arizasi bo‘lmasa ham tegishli tashkilotlarning raqamli platformalaridan ma’lumotlarni olgan holda proaktiv shaklda pensiya tayinlash belgilanmoqda. Ya’ni, nogironlik pensiyasini tayinlash jarayoni raqamli tizim orqali amalga oshiriladi. Bu esa jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga qulaylik yaratib, ularning vaqtini tejaydi, ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Ma’lumki, I va II guruh nogironlik pensiyasi tayinlanganidan keyin har ikki yilda bir marotaba pensiya qayta hisoblanadi. Endilikda kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lgan pensionerning pensiyasi ham fuqaroning murojaatini talab etmasdan (proaktiv shaklda) qayta hisoblash amalga oshiriladi. Buning natijasida 1 yilda qariyb 8 ming fuqaroning ovoragarchiliklari bartaraf etiladi.
Shuningdek, pensiyadan qo‘shimcha ustama va har oylik chegirmalar olinganda, uning miqdori pensiyaning 50 foizidan oshishi va chegirma qilingandan so‘ng to‘lanadigan pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan (hozirda 715 ming) oz bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari loyihadagi normalar partiya elektorati bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini ta’kidladi. Bir qator savol va takliflar bildirildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA