Xitoy tibbiyoti: an’ana va innovatsiya uyg‘unligi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro tajribani joriy etish va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada yetakchi davlatlar bilan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday hamkorlik doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi delegatsiyasining Xitoyga amalga oshirgan tashrifi muhim voqealardan biri bo‘ldi.
Safar davomida delegatsiya Xitoy tibbiyot fanlari akademiyasiga qarashli “Fuvay” tibbiyot markazida bo‘ldi. Ushbu muassasa dunyodagi yetakchi kardiologiya markazlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda kardiologiya va pediatriya sohalarida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, xorijiy xitoyliklar xayriya jamg‘armasi bilan amaliy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar natijasida kardiologiya markaziga jarrohlik avtomobilini gumanitar yordam sifatida taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu esa tibbiy xizmatlarning tezkorligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Qayd etish joizki, Xitoy tibbiyoti dunyoda o‘zining ko‘p asrlik tarixi va samarali yondashuvi bilan mashhur. U ikki asosiy yo‘nalish — an’anaviy va zamonaviy tibbiyot uyg‘unligiga asoslanadi.
An’anaviy xitoy tibbiyotida akupunktura (igna terapiyasi), fitoterapiya (o‘simliklar bilan davolash)
massaj va energiya muvozanatini tiklash usullari keng qo‘llaniladi.
Zamonaviy Xitoy tibbiyoti esa yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, robotlashtirilgan jarrohlik va innovatsion diagnostika usullari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, kardiologiya sohasida minimal invaziv amaliyotlar va yuqori aniqlikdagi tashxis usullari keng joriy etilgan.
Xitoy bilan tibbiy hamkorlik O‘zbekiston uchun ham bir qator yo‘nalishlarda, ayniqsa, kardiologiya va pediatriya kabi aholi salomatligi uchun muhim sohalarda katta ahamiyat kasb etadi.
Delegatsiyaning “Fuvay” markazining Yunnan provinsiyasidagi tibbiyot muassasalarida qo‘llanilayotgan ilg‘or muolaja usullari bilan tanishishi orqali mahalliy mutaxassislar zamonaviy yondashuvlarni bevosita o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tibbiy hamkorlik izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilar ekan, bunday tashriflar va kelishuvlar nafaqat tajriba almashish, balki milliy sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ilg‘or texnologiyalar va boy an’analar uyg‘unligiga asoslangan Xitoy tibbiyoti tajribasini joriy etish esa kelgusida mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA