Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish tartibi belgilanmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan sudyalar hamjamiyati organlarining turlari, ularning huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Sudyalar malaka hay’ati tarkibiga jamoatchilik asosida tajribali sud faxriylarini jalb etish imkoniyati yaratilmoqda.
Sudyaning vakolatlarini to‘xtatib turish va muddatidan ilgari tugatish tartibi belgilanmoqda. Sudyalarning malaka darajalarini berish, intizomiy ishlarni ko‘rib chiqish hamda vakolatlarni to‘xtatish va tugatish tartiblari ham huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Malaka hay’ati tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan intizomiy choralar qatoriga ogohlantirish, malaka darajasini pasaytirish, quyi lavozimga o‘tkazish va vakolatlarni muddatidan ilgari tugatish kabi choralar kiritilmoqda.
Sudyalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari belgilanishi orqali sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlash, sud hokimiyatining nufuzini mustahkamlash, sudyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga erishiladi. Bu esa shaxsning odil sudlovga bo‘lgan huquqlari yanada mustahkamlanishi hamda odil sudlov sifati va samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA