Nega ayrim soliq imtiyozlari to‘liq ishlamayapti? – Soliq qo‘mitasi raisiga so‘rov yuborildi
Yurtimizda tadbirkorlik, hunarmandchilik va ishlab chiqarish sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinadi. Bu borada ularga qator soliq imtiyozlari, yengilliklar taqdim etilmoqda. Ammo shunga qaramay, ayrim masalalar borki, tadbirkorlik sub’ektlariga muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Ravshan Fozilov O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovga deputatlik so‘rovi yubordi.
So‘rovda mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda zargarlik sanoati jadal rivojlanib, minglab korxonalar tashkil etilgani va yangi ish o‘rinlari yaratilgani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, deputat tadbirkorlar bilan uchrashuvlar davomida soliq tizimidagi ayrim muammolar ularning e’tiroziga sabab bo‘layotganini bildirgan. Xususan, 2026-yildan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinishi hamda soliq bazasini aniqlashda yagona va aniq mexanizm yo‘qligi tadbirkorlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, amalda “Hunarmand” uyushmasi a’zolari bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan soliq imtiyozlari to‘liq ishlamayotgani, ular ayrim hollarda mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashda davom etayotgani aytilgan.
So‘rovda mazkur muammolarni bartaraf etish, soliq hisob-kitoblarini soddalashtirish hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha Soliq qo‘mitasidan asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralgan.
M.Komilova, O‘zA