Namanganda "Hosil bayrami"
Namanganlik bobodehqonlar, fermerlar, tomorqa egalari va soha fidoyilari Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan uyushtirilgan “Hosil bayrami” tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazishdi.
Davlatobod tumanidagi "Otchopar" maydonida uloq-ko‘pkari musobaqasi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, viloyat fermer, dehkon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tashkil etilgan yarmarkada barcha tumanlarda saxovatli zaminimizdan mo‘l hosil olayotgan azamat bobodehqonlarimiz – fermer xo‘jaliklari, klaster va agrofirmalar tomonidan yetishtirilgan 50 turdan ortiq kundalik turmush uchun zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari hamda meva-sabzavotlar arzonlashtirilgan narxlarda aholiga yetkazib berildi.
– Yarmarkada tumanimizdagi agrofirmalar, fermer xo‘jaliklari, tomorqa egalari ham alohida faollik bilan ishtirok etmoqda. Niyatimiz esa bayram arafasida elimizning dasturxoniga quyoshli yurtimizda pishib yetilgan mahsulotlarni yetkazib berish, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi mas’ul xodimi Adhamjon Rahmonov. – Tumanimizdagi “Sohil pino muskati”, “Sohibkor”, “To‘raqo‘rg‘on” agrofirmalari, “Sardor Bahrom zo”, Sirdaryo zar zamini”, “Mardon” kabi fermer xo‘jaliklari tomonidan yarmarkaga olib kelingan tuxum, go‘sht, kartoshka, piyoz, sabzidan tortib, baliqqacha bo‘lgan o‘ndan ortiq turdagi arzon baholardagi mahsulotlarimiz o‘z xaridorlarini topdi.
“Otchopar” majmuasida viloyat, shahar va tuman hokimliklari, saxovatpesha tadbirkorlar sovrini uchun o‘tkazilgan uloq-ko‘pkari musobaqasida Namangan, Farg‘ona va Andijon, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hamda qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalaridan kelgan mingga yaqin mohir chavandoz marra olib, tuya, ot, qo‘y, buzoq, gilam, televizor kabi sovrinlar uchun bahslashdi.
– Elimizning azaldan otga mehri bo‘lakchi bo‘lgan. Bu tarixiy manbalarda ham o‘z ifodasini topgan. Halollik, mardlik timsoli sanalgan ot orqali insonlar o‘rtasida mehru oqibat, odamiylik, olijanoblik fazilatlari, o‘zaro bordi-keldi munosabatlari mustahkamlangan, – deydi Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan musobaqaga tashrif buyurgan ishtirokchilardan biri Asadullo polvon Homidov. – Namanganda uloq-ko‘pkari o‘tkazilishi eshitib, “Dizel” laqabli otimizda shu tomonga qarab chopdik. Musobaqa bahona ko‘plab chavandoz do‘stlarimiz bilan diydorlashdik. Qolaversa, uzoq yillik mahoratga ega bo‘lgan bahodir akalarimizdan o‘ziga yarasha tajriba ham orttirdik. Hosil bayrami tashabbuskorlariga rahmat, juda chiroyli tashkil qilinibdi.
[gallery-14995]
Chinakamiga xalq sayliga mezbonlik qilgan yirik majmuadagi ulkan maydonning bayram sahnasida viloyat san’at ustalari va poytaxtimizdan kelgan taniqli xonandalar ijrosidagi konsert dasturi “Hosil bayrami”ga ko‘tarinki zavqu shavq bag‘ishladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat),
O‘zA muxbirlari