“Imom ota” ziyoratgohida press-tur tashkil etildi
Xo‘jaobod tumani hokimligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi hamkorligida Xo‘jaobod tumaniga press-tur tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar qatnashgan press-turda Andijon viloyati, xususan, Xo‘jaobod tumanida turizmni rivojlantirish, turistik ob’ektlarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Press-tur qatnashchilari dastlab, “Imom ota” ziyoratgohida bo‘lib, turizmni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, sayyoh va ziyoratchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
– Xo‘jaobod tumanida jami 21 ta moddiy va madaniy meros ob’ektlari mavjud. Shundan 10 tasi arxeologiya, 3 tasi arxitektura, 4 tasi monumental san’at yodgorliklari, 4 tasi esa diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Ana shu ob’ektlarni obodonlashtirish, ularning negizida turizmni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda. Turistik ob’ektlar orasida “Imom ota” ziyoratgohi alohida ahamiyat kasb etadi. Toshota mahallasida joylashgan “Imom ota” ziyoratgohi viloyatdagi sayyoh va ziyoratchilar eng ko‘p tashrif buyuradigan maskanlardan biri hisoblanadi. Shu bois ham 2024-yilda “Imom ota”ga turizm qishlog‘i maqomi berilgan, – deydi Xo‘jaobod tuman hokimi o‘rinbosari Anvarjon Hoshimov.
[gallery-28870]
“Imom ota” tog‘ tizmalari orasida joylashgan go‘zal tabiatga ega dam olish maskanidir. Ushbu maskanda ziyorat, tog‘ turizmi rivojlangan. Tashrif buyuruvchilar go‘zal tabiat qo‘ynida o‘ziga xos ziyoratgoh, zilol buloq hamda tog‘ g‘orlarini ko‘rib, bahramand bo‘ladi.
“Imom ota” ziyoratgohiga sayyohlar asosan, mart-oktabr oylarida tashrif buyuradi. Bir kunlik oqim o‘rtacha 2 – 4 ming nafar kishini, mavsum davomida 450 ming nafarga yaqin kishini tashkil etadi.
Sayyoh va ziyoratchilarga qulaylik yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida ushbu maskanda sayyohlar uchun 85 ta oilaviy mehmon uyi, 1 ta xostel, 35 ta dam olish maskani, ko‘ngilochar maskanlar, 2 ta stadion va 50 dan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, osma ko‘prik, turli attraksionlar faoliyat ko‘rsatadi.
2026-yilda “Imom ota” turizm qishlog‘ida turizmni rivojlantirish maqsadida 51 ta yangi loyiha amalga oshirilib, 36,5 milliard so‘m
investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga 100 dan ziyod xostel, mehmon uylari, shale va kapsulali uylar qurilishi belgilangan. Ana shu ishlar natijasida yiliga yana 55-60 ming nafar sayyohni jalb etish, shu bilan birga 120 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi reja qilingan.
Jumladan, bugungi kunda ushbu maskanda ekstremal sport o‘yinlari, ko‘ngilochar majmua barpo etilmoqda. Sun’iy ko‘l, milliy o‘yinlarga mo‘ljallangan joylar, umuman, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholining ko‘ngilli dam olishi, hordiq chiqarishi uchun zarur ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga 20 ta yangi oilaviy mehmon uy qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, press-tur ishtirokchilari Xo‘jaobod tumanidagi “FAZO GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyat – trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
2006-yilda tashkil etilgan mazkur korxonada ayni kunda 200 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Korxonada bir ming 500 nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qiladi va tayyor mahsulotlari Rossiya, Belarus, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalar vakillari mavzu doirasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.