Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi va Birlashgan millatlar tashkilotining narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forum tashkil etildi.
Nufuzli anjuman avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga murojaatini Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qib eshittirdi.
Murojaatda narkotiklar savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib borayotgan bir paytda mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalasi umummilliy harakatga aylangani, so‘nggi yillarda sohada idoralararo hamkorlikni mustahkamlash, profilaktika mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani alohida qayd etilgan. 2024-yilda narkotiklarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiya qabul qilingani, bu boradagi eng katta qadam bo‘ldi. Ana shu sa’y-harakatlar tufayli keyingi yillarda narkotiklarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 2,5 barobarga oshdi, musodara qilingan giyohvandlik vositalari 2 barobarga, yo‘q qilingan sintetik narkotiklar 7 barobarga ko‘paydi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida huquq-tartibot idoralari tomonidan 15 mingdan ziyod narkojinoyat fosh etildi, qariyb 3,5 tonna giyohvandlik vositalari, jumladan, 120 kilogramm sintetik narkotiklar yo‘q qilindi, 14 ta yashirin narko-laboratoriya va 72 ta yirik internet-do‘koni faoliyatiga chek qo‘yildi. Joriy yilning birinchi choragida esa bu ko‘rsatkich 10 tani tashkil etdi, 35 ta uyushgan narkojinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilib, ularning 8 nafar liderlari va 130 nafar a’zolari qo‘lga olindi.
[gallery-28869]
Murojaatda bugungi kunda narko-jinoyatlarning uchdan bir qismi yoshlar tomonidan sodir etilayotgani, asosiy xavf guruhini 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil qilayotgani, bu illatning aholi genofondiga juda katta tahdid ekanligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida giyohvandlikka qarshi kurashish butun insoniyatning umumiy mas’uliyati va majburiyati ekanligini qayd etib, narkojinoyatlarning oldini olish bo‘yicha muhim tashabbuslarni ilgari surgan.
Forum qatnashchilari Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish hamda bu illatga qarshi kurashish borasidagi ishlarni e’tirof etdi.
Xususan, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ijrochi direktori Bo Matiasen O‘zbekistonda giyohvandlikka qarshi kurashish, aholi, ayniqsa, yoshlarni bu illatdan asrash borasida davlat tomonidan muhim dasturlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
– Bugungi kunda narkojinoyatlar va bu illat targ‘ibotida ijtimoiy tarmoqlar, kriptovalyutalar hal qiluvchi rol o‘ynamoqda, – dedi Bo Matiasen. – Shuning uchun O‘zbekistonda o‘tgan yil alohida server tashkil etildi va ushbu turdagi jinoyatlarni barvaqt aniqlash, oldini olishga erishilmoqda. Hukumatning faol ish olib borayotgani, Markaziy Osiyo davlatlari bilan faol ma’lumot almashilayotgani va o‘zaro hamkorlik natijasida giyohvand moddalar aylanmasining 60 foizi chegaralardayoq to‘xtatilmoqda. Bundan tashqari, sintetik narkotiklar ko‘payishining oldini olish, psixotrop dori vositalari noqonuniy muomalasini cheklash borasidagi ishlar ham diqqatga sazovor va ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish lozim.
Forum ochilishida so‘zga chiqqan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus giyohvandlik va narkotahdidlar sog‘liqni saqlash uchun juda katta xavf ekanligini ta’kidladi.
[20.04.2026 18:21] Shavkat aka UzA: – Bugungi kunda dunyo bo‘yicha taxminan 300 million kishi giyohvand moddalarni iste’mol qiladi, ular safiga har yili 600 ming kishi qo‘shilmoqda, bu illatdan qurbon bo‘layotganlar soni esa yildan-yilga oshib bormoqda, – dedi Tedros Gebreyesus. – An’anaviy giyohvandlik bilan birga sintetik narkotik ulushi ko‘paymoqda. Bu fakt va raqamlar masalaning qanchalik keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi. Eng yomoni, bu illat dunyo xalqlari genofondiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli bugun narkotahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, kuch va vositalarini safarbar etish lozim. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonda olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor albatta. Men ushbu mamlakatga bu galgi tashrifim davomida davlat rahbari va yuqori darajadagi mulozimlar bilan uchrashib, bu borada muhim masalalarni muhokama qilib olishni rejalashtirganman.
Forum sho‘’ba majlislarida giyohvandlik va narkotahdidlarga qarshi kurashishda ta’lim va profilaktika, xalqaro hamkorlik, giyohvandlarni davolashning samarali usullari, xavfsizlik va huquq-tartibot organlari faoliyati, narkotiklar ustidan nazoratning ilmiy-innovatsion yondashuvlari kabi mavzular muhokama qilindi.
Tadbir doirasida 2003-yildan buyon Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Markaziy Osiyoda giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha CADAP-8 (Central Asia Drug Action Programme) xalqaro mintaqaviy dasturni imzolash marosimi o‘tkazildi.
Shuningdek, narkojinoiy uyushgan guruhlarga qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan zamonaviy raqamli texnologiyalar, texnik vositalar, mahalliy ishlab chiqarilgan maxsus jihozlarni namoyish etish maqsadida xalqaro ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazma forum ishtirokchilari, xususan xorijiy soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Nufuzli anjumanda giyohvandlikka qarshi kurashish, aholini ushbu illatdan asrash borasida amalga oshirilgan ishlarga qo‘shgan salmoqli hissasi, shuningdek, mamlakatimiz bilan mazkur yo‘nalishdagi faol hamkorligi uchun qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari maxsus ta’sis etilgan “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Forum doirasida 21-aprel kuni Samarqandda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar tarmog‘i vakillari ishtirokida ilk bor narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro yoshlar sammiti o‘tkaziladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari