Namanganda “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasiga start berildi
FOTOREPORTAJ
Davlatimiz rahbarining joriy yil 25-martdagi “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda aholi o‘rtasida ekologik odatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur hujjat asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarida “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Respublika miqyosida amalga oshiriladigan ushbu loyiha namunaviy tarzda Namangan viloyatida boshlandi. Loyihaning ilk tadbiri Yangi Namangan tumanidagi 61-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘tkazildi.
“Jajji ekolog” shiori ostida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirida bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish, atrof-muhitni asrash va tabiatga nisbatan mas’uliyatli munosabatni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha yosh avlodni ekologik tarbiya ruhida kamol toptirish, ularning tabiatga bo‘lgan ehtiromini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Respublika “Yosh ekologlar” harakati Kengashi, viloyat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat “Yosh ekologlar” harakati Kengashi mas’ullari ishtirok etdi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotining ekologik madaniyatni shakllantirish yo‘lidagi faoliyati alohida e’tirof etildi. Loyiha doirasida faol ishtirok etgan tarbiyalanuvchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-28697]
Ma’lum qilinganidek, mazkur tadbirlar kelgusida maktablar va oliy ta’lim muassasalarida ham davom ettiriladi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA