Mirzacho‘lda irrigatsiya tizimi takomillashtirilmoqda
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirda yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjud quvvatlarni yangilash ishlari olib borilmoqda.
Loyiha doirasida 21 kilometr yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘i barpo etiladi. Shuningdek, 321 ta temir-beton tayanch o‘rnatiladi, 65 kilometr APS simlari tortiladi hamda 980 ta izolyator montaj qilinadi.
Mazkur ishlar natijasida nasos agregatlari va irrigatsiya inshootlarining elektr ta’minoti yaxshilanib, aholi tomorqalari hamda qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini suv bilan barqaror ta’minlash imkoniyati kengayadi.
[gallery-29887]
Bu esa suv taqchilligini kamaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA