O‘zbekiston-Shvetsiya: Tog‘-kon sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining xalqaro rivojlanish hamkorligi va tashqi savdo bo‘yicha davlat kotibi Diana Yanse boshchiligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, joriy yil mart oyida vazirlik delegatsiyasining Shvetsiyaga amalga oshirgan tashrifi natijalari ko‘rib chiqilib, erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, “Epiroc”, “Volvo CE”, “ABB” hamda “Green 14” kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalarining bugungi holati va ularni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Ushbu loyihalar sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligini oshirish hamda zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda kadrlar salohiyatini oshirish, mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, tog‘-kon sanoatida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish, shuningdek, xalqaro barqaror rivojlanish standartlarini tatbiq qilish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi o‘rtasida tog‘-kon sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur hujjat kelgusida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda sohada uzoq muddatli va samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA