Milliy va zamonaviy liboslar namoyishi
FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi Shayx-ul Olam mahallasida milliy qadriyatlarni targ‘ib etish, yoshlarda madaniy merosga hurmatni kuchaytirish maqsadida o‘zbek milliy liboslari festivali o‘tkazildi.
Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda oliy ta’lim muassasalari talabalari, faol yoshlar hamda “Ayol ma’rifati”, “Oqila ayollar” va “Ayol bilimlari” jamoatchilik tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.
Festival doirasida Buxoro davlat texnika universiteti talaba-qizlari tomonidan yaratilgan milliy va zamonaviy liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi.
[gallery-28353]
Qayd etilganidek, mazkur oliy ta’lim muassasasida muhandislik, texnologiya, tabiiy resurslarni boshqarish hamda xizmat ko‘rsatish va raqamlashtirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Xususan, Muhandislik fakulteti tarkibidagi yengil sanoat muhandisligi va dizayn kafedrasida sohaning malakali mutaxassislari tayyorlanmoqda.
Talabalardan Shahinabonu Ergasheva tomonidan yaratilgan liboslar to‘plami an’ana va zamonaviylik uyg‘unligini o‘zida aks ettirgani bilan e’tibor qozondi.
Liboslarda an’anaviy naqshlar va zamonaviy dizayn yechimlari uyg‘unlashgan bo‘lib, ular milliy madaniyatning o‘ziga xos jihatlarini yangi talqinda namoyon etadi.
Ta’kidlash joiz, bu kabi tadbirlar milliy merosni asrab-avaylash, uni keng targ‘ib etish va yoshlarda milliy iftixor tuyg‘usini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA