Do‘stlik targ‘iboti
Buxoro viloyati azaldan turli millat va elat vakillari tinch-totuv yashab kelayotgan, madaniyatlar uyg‘unlashgan hudud sifatida e’tirof etiladi. “Oftobi So‘g‘diyon” tojik-fors milliy madaniy markazi ana shu bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, qardosh xalqlar milliy merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish yo‘lida faoliyat yuritmoqda.
Markaz faoliyatida milliy qadriyatlarni saqlash bilan birga, ularni zamonaviy ijtimoiy-madaniy hayot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2026-yil markaz uchun sermazmun tadbirlarga boy bo‘lmoqda.

Jumladan, yil avvalida o‘tkazilgan san’atkor Hikmat Rajabovning 75 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ma’naviy kechada markaz ijodkorlari faol ishtirok etib, milliy kuy-qo‘shiqlar ijrosi bilan tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. “Mavrigi” ansambli chiqishlari ham tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jumladan, Buxorodagi do‘stlik uyida tashkil etilgan madaniy kechalar markaz a’zolari ishtirokida o‘tkazildi. Bu tadbirlar buyuk allomalar merosini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.

Bugungi kunda “Oftobi So‘g‘diyon” tojik-fors milliy madaniy markazi nafaqat milliy madaniyat targ‘ibotchisi, balki millatlararo do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida ham e’tirof etilmoqda.
Qayd etilganidek, markaz tomonidan o‘tkazilayotgan har bir tadbirda turli millat vakillarini birlashtirish, tinchlik va barqarorlik g‘oyalarini targ‘ib etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA