"Milan-Kortina-2026" XIV qishki Paralimpiya o‘yinlariga ikkita yo‘llanma qo‘lga kiritildi
O‘tgan yili barcha sohalarda bo‘lgani kabi sportda ham yuksak natijalarga erishildi. Ayniqsa, para sportchilarimizning ko‘rsatgan irodasi tarix sahifalaridan munosib o‘rin egalladi. Joriy yilda ham yaratilgan imkoniyatlar va qaratilayotgan e’tibor tufayli ulkan marralar ko‘zlangan. Quvonarlisi shundaki, bu yo‘ldagi ilk qadamlar allaqachon qo‘yila boshlandi.
Para tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari — Yulduz Mahmudova hamda Firdavs Xudoyatovlar joriy yilning 6-15-mart kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetso shaharlarida bo‘lib o‘tadigan XIV Qishki Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi XIV Qishki Paralimpiya o‘yinlariga 2 ta yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, irodali sportchilarimiz to‘rt yillikning eng muhim qishki startida gigant-slalom dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA