Mehnat shartnomasini bekor qilishning o‘ziga xos jihatlari
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilishning quyidagi umumiy asoslari nazarda tutilgan:
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 97-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilishning quyidagi umumiy asoslari nazarda tutilgan:
1) taraflarning kelishuviga ko‘ra. Ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin;
2) taraflardan birining tashabbusi bilan;
3) muddatning tugashi bilan;
4) taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra;
5) mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra.
6) yangi muddatga saylanmaganligi (tanlov bo‘yicha o‘tmaganligi) yoxud saylanishda (tanlovda) qatnashishni rad etganligi munosabati bilan.
Shuningdek, yuqoridagi asoslardan tashqari kodeksning ayrim moddalari mazmunida ham mehnatga oid munosabatlar bekor qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar ham mavjud.
Mehnat kodeksining 87-moddasiga muvofiq va unga asoslangan holda dastlabki sinov natijalari bo‘yicha mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Shuningdek, xodim yangi mehnat shartlari asosida ishlashni rad etgan taqdirda mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 89-moddasiga asoslangan holda va unda nazarda tutilgan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Mehnat kodeksining 97-moddasi 1-bandida mehnat shartnomasining har qanday turini taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilish mumkinligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998 yil 17 apreldagi 12-sonli qarorining 14-bandiga ko‘ra sudlar taraflar kelishuviga ko‘ra (MK 97-moddasi 1-bandi) mehnat shartnomalarining barcha turlarini va ularning har qanday vaqtda bekor qilinishi mumkinligini e’tiborga olishlari kerak.
Mehnat shartnomasini MK 97-moddasining 1-bandiga binoan bekor qilish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda xodim bilan ish beruvchi o‘rtasida haqiqatdan mehnat munosabatlarini bekor qilishga kelishuv bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlamoq zarur. Ushbu asosga ko‘ra, taraflar belgilagan muddatda shartnoma bekor qilinadi.
MK 97-moddasi 1-bandi bo‘yicha mehnat shartnomasini tugatish haqidagi kelishuvni bekor qilishga, shu asosga ko‘ra mehnat munosabatlarini tugatish sanasini o‘zgartirishga xodim va ish beruvchining kelishuvi bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.
Qaysi holatlarda mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga ko‘ra bekor qilish mumkin emas?
Qonunchilik mehnat shartnomasini uning taraflari xohishi va kelishuviga ko‘ra, shu jumladan, xodimning tashabbusi bilan ham bekor qilinishini cheklovchi holatlarni nazarda tutadi.
1) Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 23-bandida bitiruvchi uch yil majburiy ishlagandan so‘ng shu ish beruvchida ishni davom ettirish masalasi ish beruvchi va xodimning o‘zaro kelishuviga muvofiq mehnat qonunchiligi asosida hal etilishi belgilab qo‘yilgan.
Agar bitiruvchi uzrsiz sabablarga ko‘ra taqsimlangan joyda ishlashni xohlamasa, unga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida choralar ko‘riladi.
Demak, bundan ko‘rinadiki bitiruvchi uch yil majburiy ishlab bermaguncha taraflar kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 27 iyuldagi 157-son “Muayyan huquqdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash tariqasidagi jazolarning ijrosini tashkil etish hamda shartli hukm qilingan shaxslar ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrug‘ining 23-bandida jazolarni ijro etish inspeksiyasi belgilaydigan joylarda jazoni o‘tash muddati mobaynida jazolarni ijro etish inspeksiyasining yozma ruxsatisiz mehnat shartnomasini mahkumning tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanishi belgilangan.
3) Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqarolarga ham mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari tatbiq etiladi. Muqobil xizmatni o‘tayotgan fuqaro uni belgilangan joyda o‘tashi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga, ish joyida amal qiladigan ichki mehnat tartibi qoidalariga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga rioya etishi shart. Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 11 martdagi 128-son qarori bilan tasdiqlangan “Muqobil xizmatni tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining uni o‘tashi tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ish beruvchilar muqobil xizmat qilish uchun kelgan xizmatchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishga majburligi belgilangan. Muqobil xizmat xizmatchilarini bo‘shatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida amalga oshiriladi.
Kelishuv qanday rasmiylashtiriladi?
Taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish qanday rasmiylashtiriladi va bu holda xodim ariza yozishi shartmi degan savollar yuzaga keladi. Amaldagi mehnat kodeksida yuqoridagi asosga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilishni rasmiylashtirish tartibi keltirilmagan. Lekin umumiy qoidalardan kelib chiqqan holatda rasmiylashtirish tartibini tushuntirishga harakat qilamiz.
Ushbu holatda xodim ariza yozishi shart emas. Agar xodim ariza yozgan taqdirda, mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga ko‘ra bekor qilinishini so‘rashi maqsadga muvofiq. Aks holda, bunday harakatlar ish beruvchi bilan mehnat munosabatlari xodimning tashabbusiga ko‘ra, ya’ni MKning 99-moddasi bo‘yicha bekor qilingan deb tan olinishi mumkin.
Quyida taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi kelishuvning namunaviy shaklini e’tiboringizga havola etamiz.
20.02.2018 yildagi 20-son mehnat shartnomasini bekor qilish haqida
KELIShUV
|
2019 yil “25” fevral |
35-son |
Toshkent shahri. |
“Ishonch ”mas’uliyati cheklangan jamiyati, ustav asosida faoliyat yurituvchi direktor ____________________________________ (F.I.Sh.) timsolida, bundan buyon Ish beruvchi deb nomlanadi,, bir tomondan, _______________ lavozimini egallovchi fuqaro (O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bo‘lmagan shaxs ham bo‘lishi mumkin) _____________________ (F.I.Sh.), bundan buyon Xodim deb nomlanadi (birgalikda Taraflar deb nomlanadi) quyidagilar to‘g‘risida mehnat shartnomasini bekor qilish haqida ushbu kelishuvni tuzdilar.
Taraflar Mehnat kodeksining 97-moddasi 1-bandiga muvofiq (taraflarning kelishuviga ko‘ra) Xodim bilan Ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan 20.02.2018 yildagi 20-son mehnat shartnomasini 2019 yil 25 fevralda bekor qilishga kelishdilar.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kun - 2019 yil 25 fevral xodimning oxirgi ish kuni hisoblanadi.
Oxirgi ish kunida Ish beruvchi Xodimga rasmiylashtirilgan mehnat daftarchasi va buyruqning nusxasini berish, shartnoma bekor qilingan kunda u bilan to‘liq hisob-kitob qilish va ______ ish kunlari hisobidan foydalanilmagan ta’tillar uchun pulli kompensatsiya to‘lash majburiyatini oladi.
Taraflarning bir-biriga nisbatan da’vosi yo‘q.
Ushbu kelishuv bir xil yuridik kuchga ega bo‘lgan ikki nusxada, har bir taraf uchun bittadan tuzilgan.
|
Tashkilot rahbari |
_____________ (imzo, muhr) |
_______________ (F.I.Sh..) |
|
Xodim |
_____________ (imzo) |
_______________ (F.I.Sh..) |
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.
Quyida taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqdan namunani e’tiboringizga havola etamiz.
B U Y R U Q
Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida
|
2019 y. “25” fevral |
40-son |
Toshkent shahri |
1. Xodim (F.I.Sh.) – bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2019 yil 25 fevraldan boshlab taraflarning kelishuviga ko‘ra bekor qilinsin.
2. Bosh buxgalter (F.I.Sh.) tegishli to‘lovlarni amalga oshirsin.
Asos: O‘zR MKning 97-moddasi 1-bandi.
|
Tashkilot rahbari |
_____________ (imzo, muhr) |
_______________ (F.I.Sh..) |
Mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi taraflarning kelishuvida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda boshqa qo‘shimcha imtiyozlar va kompensatsiyalar qayd etilishi mumkin.
Kelishuvning afzal tomonlari nimada?
Bu usul mehnat shartnomasini bekor qilishning eng maqbul va tinch usullaridan biri. Chunki, ushbu asosga binoan mehnat shartnomasining barcha turlari istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin.
Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish ancha murakkab va chalkash jarayon hamda muddat talab etadi. Masalan, qonunda belgilangan yoki xodim va ish beruvchi kelishuviga ko‘ra qisqartirilgan ogohlantirish muddati davomida xodim mehnat shartnomasi tugatilganligi haqida buyruq chiqarilgan bo‘lishidan qat’i nazar arizasini qaytarib olishga haqli. Xodimning o‘rniga boshqasini taklif etilganligi unga arizasini qaytarib olishni rad qilishga asos bo‘lmaydi, chunki ish beruvchi faqat avvalgi xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomasini bekor qilganidan keyingina, bu ishga boshqa xodimni taklif qilishga haqli.
Kelishuvda esa muddatlar faqatgina ish beruvchi va xodimning o‘zaro roziligi bilan belgilanadi. Bu muddat bir necha kun yoki oy ham bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilish oqibatida nizo kelib chiqsa, ish beruvchi o‘z pozitsiyasini yetarlicha himoya qila olmasligi mumkin. Agar xodim men arizani ish beruvchining qistovi natijasida berganman degan da’vo bilan chiqqan taqdirda, mehnat shartnomasini bekor qilinishining asosliligini isbotlab berish majburiyati ish beruvchiga yuklatilishini esdan chiqarmaslik lozim.
Bundan tashqari mehnat shartnomasini kelishuvga ko‘ra bekor qilish xodim uchun ham manfaatli. Buni quyidagicha asoslaymiz. Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari mehnat daftarchasiga yozilmaydi. Lekin ish beruvchining buyrug‘ida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari yoziladi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, garchi bu mehnat qonunchiligiga zid bo‘lsa-da, ish beruvchilar avval boshqa joyda ishlagan xodimni ishga qabul qilayotganda, xodimdan avvalgi ishidan qaysi asoslarga ko‘ra bo‘shaganini aniqlash maqsadida, mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini so‘ramoqdalar. Masalan, xodim o‘z mehnat vazifalarini bir marta qo‘pol ravishda buzganligi uchun mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilindi (Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qism 4-bandi). Bu esa o‘z navbatida xodimni yangi ish topishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun ham agar xodim ish beruvchi bilan kelishib, taraflarning kelishuviga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilsa, yangi ish topishida muammolar yuzaga kelmaydi. O‘z navbatida ish beruvchi ham intizomiy jazo qo‘llanilishi bilan bog‘liq ortiqcha qog‘ozbozlik va rasmiyatchilikdan xalos bo‘ladi.
Karimjonov Muhammadamin,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi