Mas’uliyatli bo‘lish va tabiatga hurmat bilan yondashish zarurligi tushuntirildi
7-aprel – Butunjahon sog‘liqni saqlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Ekologiya Partiyasining Sirdaryo viloyati Boyovut tuman Kengashi tashabbusi bilan Boyovut tumani 1-sonli texnikum majlislar zalida yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, hayotiy qarorlariga mas’uliyat bilan yondashish va ekologik madaniyatni yuksaltirish edi. Uchrashuv davomida sog‘liq va atrof-muhitning uzviy bog‘liqligi, erta nikohning salbiy oqibatlari va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning xavf-xatarlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Tadbirda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘rnatilib, ularning fikr-mulohazalari tinglandi, qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi. Shuningdek, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash va har bir shaxsning bu boradagi shaxsiy mas’uliyati masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Yoshlar – kelajakning egasi. Ularning ongida sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatni shakllantirish nafaqat shaxsiy salomatliklari uchun, balki barqaror va yashil kelajak uchun ham muhimdir, – deydi O‘zbekiston Ekologiya Partiyasining Sirdaryo viloyati Boyovut tuman Kengashi raisi Sherzod Bekqulov. – Bugungi uchrashuv orqali yoshlarimizga hayotiy qarorlarda mas’uliyatli bo‘lish va tabiatga hurmat bilan yondashish zarurligi tushuntirildi.

Boyovut tumani 1-sonli texnikum direktori o‘z nutqida ekologik madaniyatni shakllantirish avvalo oiladan, insonning ichki dunyosi va kundalik odatlaridan boshlanishi lozimligini ta’kidlab, yoshlar uchun amaliy va muhim tavsiyalar berdi. Shu bilan birga, sog‘lom turmush tarzi va ekologik madaniyatning yoshlar hayotidagi ahamiyatini yanada ochiq va tushunarli tarzda gapirib berdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri