Markaziy Osiyoning barqarorligi Germaniya manfaatlariga javob beradi
Xiva shahrida o‘tkazilayotgan “O‘zgaruvchan dunyoda strategik sheriklik” deb nomlangan birinchi Markaziy Osiyo-Germaniya ekspert forumi haqida Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha komissari Niklas Vagner o‘z fikrlarini bildirdi:
Ushbu forum Yevropa Ittifoqi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2023-yilda Berlinda Germaniya-Markaziy Osiyo sammitlari, 2024-yilda Ostona shahrida, ikki oy avval esa Berlinda mintaqa tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi “5+1” formatidagi birinchi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.
Biz bu yil mintaqada yana bir sammitni ko‘rishga umid qilamiz.
Berlin iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. Chunki Germaniya va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun istiqbolli eksport bozorlaridir. Bu mintaqaning iqtisodiy aloqalarini diversifikatsiya qilish istagiga mos keladi. Shu munosabat bilan xalqaro investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish muhim.
Bu qonun ustuvorligi, iqtisodiy shaffoflik va korrupsiyaga qarshi qonunchilikni takomillashtirishni o‘z ichiga oladi.
Germaniya qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga va Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor.
Mintaqa davlatlarining mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini ham yuqori baholayman. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining har yili o‘tkaziladigan Maslahat uchrashuvlari o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmiga aylangan. Ushbu platforma xavfsizlik, barqaror rivojlanish, suv resurslarini
boshqarish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish masalalari bo‘yicha chuqurroq muvofiqlashtirishga yordam beradi.
Xulosa o‘rnida, Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi rivojlanib borayotgan strategik sheriklik “o‘z-o‘zidan maqsad emas, bu ikki tomon manfaatlari yo‘lida aniq natijalar va taraqqiyotga erishishga qaratilgan doimiy jarayondir.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri