Nemis deputati: parlament diplomatiyasi – mintaqalararo hamkorlikning muhim omili
Bundestagning nemis Markaziy Osiyolik parlament guruhi rahbari Kristian Gerk Xivada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Germaniya ekspertlar forumi ishtirokchilariga murojaat qilib, mintaqalararo hamkorlik holati va istiqbollari bo‘yicha o‘z bahosini taqdim etdi.
– “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatining strategik ahamiyati shundaki, bu format asta-sekin kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va ishonchni mustahkamlash uchun barqaror platformaga aylanmoqda, deya ta’kidladi deputat.
Uning fikricha, “C5+1” muloqot formati doirasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik kuchli siyosiy asos mavjudligini ko‘rsatadi. Biroq bu boradagi asosiy vazifa bildirilgan niyatlarni amaliy harakatlarga aylantirishdan iborat.
Shu bilan birga, global beqarorlik sharoitida Markaziy Osiyoning turli geosiyosiy kuch markazlari uchun muloqot va hamkorlik maydoni sifatidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ammo hamkorlikni rivojlantirishda mintaqadagi davlatlarning tashqi siyosiy o‘ziga xosliklarini inobatga olish muhim. Jumladan, ularning ko‘p vektorli siyosat yuritishi hamda Xitoy, Rossiya va Turkiya kabi davlatlar bilan o‘zaro munosabatlari bu jarayonda alohida ahamiyat kasb etadi.
U hamkorlikning amaliy mazmuniga to‘xtalib o‘tgan parlamentariy bir qator yo‘nalishlarni ajratib ko‘rsatdi. Bu iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, biznes ishtirokini kengaytirish va gumanitar aloqalarni chuqurlashtirishni anglatadi. Uning fikricha, xususan, akademik almashinuvlar va yoshlar dasturlarini o‘z ichiga olgan insonlararo aloqalarni kengaytirish ahamiyatga molik.
Kristian Gerk mavjud to‘siqlarni bartaraf etish uchun bir qator amaliy tavsiyalarni ham taklif qildi. Bu birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish, konsullik imkoniyatlarini kengaytirish va ma’muriy xarajatlarni kamaytirishga tegishli. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar hamkorlikka amaliy xarakter bera oladi va jamiyatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashi mumkin.
Uning fikricha, Xivadagi forum kabi ekspert va siyosiy platformalar barqaror natijalarga yo‘naltirilgan uzoq muddatli hamkorlik strategiyalarini shakllantirishga yordam beradi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA