Madaniyat va turizm sohasidagi yangi loyihalar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Avvalo, Samarqand shahrida 9 gektar maydonda yangi Ipak yo‘li muzeyini barpo etish rejasi ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, ushbu muzey ekspozitsiyasi arxeologiya, tasviriy san’at, amaliy san’at materiallarini qamrab olgan 6 mingdan ziyod noyob eksponatlarni birlashtiradi. Muzeyda doimiy va vaqtincha ko‘rgazmalar uchun ekspozitsiyalar, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, konservatsiya va tadqiqot markazi, katta hajmli saqlov xonalari ham tashkil qilinadi.
Taqdimotda aholini madaniyat muassasalariga keng jalb qilish, ularning mazmun-mohiyati va ish uslubini zamon talablari asosida yangilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Shu munosabat bilan respublikadagi 839 ta madaniyat markazini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish, binolarini zamonaviy qiyofaga keltirish, faoliyatiga xususiy sektorni jalb qilish, bu borada jozibadorlikni oshirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Umuman, 2030-yilga qadar madaniyat sohasiga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi.
San’at sohasida iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularni quyi sinflardan maqsadli o‘qitish, o‘qish joyida yashab ta’lim olishi va ijod bilan shug‘ullanishi uchun munosib sharoit yaratish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Andijon yoshlar simfonik orkestri hamda “Tumor” raqs ansambli faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bildirilgan takliflar ma’qullandi.

Mediamakonda milliy kontentlarni ko‘paytirish, sun’iy intellektdan oqilona foydalangan holda milliy madaniyatimiz haqida ma’lumotlar bazasini kengaytirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, nodavlat madaniyat tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, nodavlat teatr va teatr-studiyalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ularga loyihalarni amalga oshirish uchun grantlar ajratib borish tizimi joriy etilishi belgilandi.
Shu yil boshidan mamlakatimizga 3 millionga yaqin sayyoh kelib, o‘sish sur’ati 37 foizni, turizm xizmatlari eksporti esa 48 foiz o‘sib, 1,1 milliard dollarga yetgani qayd etildi. 2030-yilga qadar 20 million xorijiy sayyohni jalb qilish, 2026-yilda esa 12 million turistga xizmat ko‘rsatish maqsad qilingan.
Endilikda har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, uning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha manzilli dasturlarni amalga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu maqsadda hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohani loyihaviy boshqaruv asosida tashkil etish choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, 2026-2027-yillarda hududlarda 31 ta master-rejani amalga oshirishni boshlash, 40 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish, joylashtirish vositalari sonini 8 ming 250 taga, turizm qishloqlari va mahallalarining umumiy sonini 84 taga olib chiqish rejalashtirilgan.
Yangi sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham qator mexanizmlar ko‘zda tutilgan. Jumladan, xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan targ‘ibot xarajatlarining 25 foizgacha qismi, biroq 500 million so‘mdan oshmagan qismi qoplab berilishi, turistlar uchun madaniy-ommaviy va sahnalashtirilgan tomoshalarni tizimli yo‘lga qo‘ygan xususiy tadbirkorlarni rag‘batlantirish, servis sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida amaliy o‘quv kurslarini tashkil etish nazarda tutilgan.
Taqdimotda respublika turizm salohiyatini xalqaro bozorda keng targ‘ib qilish bo‘yicha ham yangi yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilarga muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni puxta ishlab chiqish, ularni aniq hisob-kitob va rejalar asosida amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.